• eye Maxsus imkoniyatlar
Faoliyat sarhisob qilinib, istiqboldagi rejalar belgilab olindi
17.07.2021
2745
2021 yil 7 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni Komissiya raisi Z.Nizamxodjayev olib bordi.

2021 yil 7 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni Komissiya raisi Z.Nizamxodjayev olib bordi.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2021 yil birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar atroflicha sarhisob qilinib, Komissiyaning ikkinchi yarim yillikga mo‘ljallangan ish rejasi muhokama qilindi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Komissiya kotibi X.Mamatov ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi 2021 yil birinchi yarim yillikda o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, Saylov kodeksi, Markaziy saylov komissiyasining reglamenti, Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyati to‘g‘risidagi nizom, shuningdek, Komissiyaning 2021 yil 6-yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil birinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasiga muvofiq amalga oshirdi.
Hisobot davrida Komissiyaning 14 ta yig‘ilishi o‘tkazilib, 33 ta qarori qabul qilindi. Unga muvofiq Komissiya faoliyatiga oid 11 ta yangi nizom tasdiqlandi, 1 ta nizom va 1 ta yo‘riqnomaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Qolaversa, Komissiya Raisining 73 ta Farmoyishi qabul qilindi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi va boshqa qator qarorlar qabul qilingan.

Bundan tashqari, hisobot davrida Komissiya tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2 nafar deputati va Senatning 6 nafar a’zosining muddatidan oldin vakolatlari tugatilishi munosabati bilan qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan chiqarildi. Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari bilan 4 nafar yangidan saylangan Senat a’zolari ro‘yxatga olindi.
Markaziy saylov komissiyasi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda Nogironlar jamiyati, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati va Nogironlar assosiasiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar  imzolandi.

“Saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha o‘quv-amaliy qo‘llanma”, “100 savolga – 100 javob”, “Saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini molliyalashtirish”, “Fuqarolar saylov huquqlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlari” mavzularida risolalar tayyorlandi.

2021 yil 27 aprel–1 may kunlari YeXHT DIIHB direktori Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegasiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida MSK rahbariyati, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Tashqi ishlar vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz vakillari bilan tadbirlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi vakillarining xorijiy davlatlarda bo‘lib o‘tgan saylovlarda kuzatuvchi sifatida, xalqaro tashkilotlar missiyalari tarkibida ishtirok etishi ta’minlandi.

Komissiya xodimlari tomonidan hisobot davrida ommaviy axborot vositalarida 200 dan ortiq chiqishlar qilindi, jumladan 80 marotaba teleradiokanallarda, 50 marotaba gazeta va jurnallarda hamda yuzdan ortiq internet nashrlarida turli mavzularda materiallar yoritildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatida ish yuritish va hujjatlar ijrosini nazorat qilish to‘g‘risida”gi Yo‘riqnoma loyihasi ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

2021 yilning birinchi yarimida Komissiyaga jami 152 ta murojaat kelib tushib, qonunchilikka belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi.

Yana bir jihat. Covid-19 pandemiyasiga qaramasdan, Markaziy saylov komissiyasida ishlarning to‘g‘ri va samarali tashkil etilgan, Komissiyaning 2021 yil birinchi yarim yillikga mo‘ljallangan ish rejasi, belgilangan vazifa va topshiriqlar ijrosi ta’minlangan.

Shuningdek, yig‘ilishda Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil ikkinchi yarim yillikga mo‘ljallangan – normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishni samarali tashkil etish, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining ochiqligini ta’minlash, uning axborot makonida ishtirokini kengaytirish, komissiya faoliyatida axborot kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish, xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlash, saylov komissiyalarini moddiy-texnika jihozlari bilan ta’minlash va Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini moliyalashtirish kabi yettita bo‘lim, 37 ta banddan iborat ish rejasi muhokama markazida bo‘ldi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil birinchi yarim yilligida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisoboti hamda 2021 yil ikkinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.