• eye Maxsus imkoniyatlar
OAV VAKILLARINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
30.05.2023
603

OAV VAKILLARI QUYIDAGI HUQUQLARGA EGA:

Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish;

saylov oʻtkazuvchi komissiyalarning majlislarida hozir boʻlish;

saylov komissiyalarning qarorlari nusxalarini OAVda yoritish uchun olish;

muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazish vaqti va joyi haqida xabardor boʻlish hamda ushbu jarayonni kuzatish;

saylov kuni ovoz berish xonalarida, shu jumladan ovozlarni sanab chiqishda hozir boʻlish;

saylov komissiyalarning faoliyatiga hamda ovoz berish jarayoniga xalaqit bermasdan va saylovning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshirish (qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari, harbiy qismlar, davolash muassasalarida tashkil etilgan uchastka saylov uchastkalari bundan mustasno);

Saylovchining turgan joyida uning ruxsati bilan ovoz berish jarayonida hozir boʻlish;

Uchastka saylov komissiyalari tomonidan uchastka komissiyalaridan ovozlarni sanab chiqish natijalari toʻgʻrisidagi bayonnomalarni qabul qilib olishi hamda okrug boʻyicha ovoz berish yakunlarini aniqlash jarayonida hozir boʻlish;

saylovga tayyorgarlik koʻrish va uning oʻtkazilishi boʻyicha oʻz fikrini bayon qilish huquqiga ega.

OAV vakili qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan ham foydalanadi.

OAV VAKILLARIGA QUYIDAGILAR MAN ETILADI:

konstitutsiyaviy tuzumni zoʻrlik bilan oʻzgartirishni maqsad qilib qoʻyuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targʻib qiluvchi, xalqning sogʻligʻi va maʼnaviyatiga tajovuz qiluvchi axborotlarni tarqatish;

saylovchilar taʼsir oʻtkazish, qonunga xilof ravishda biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish;

saylovchi saylov byulleteniga oʻz belgisini qoʻyayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida boʻlish;

saylovchilardan ular qanday ovoz berganliklarini surishtirish yoki ularga saylov byulleteniga belgi qoʻyishda biron-bir tarzda yordam koʻrsatish;

uchastka saylov komissiyalarning faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilari muhrlanayotgan, ochilayotgan, ovozlar sanab chiqilayotganda aralashish;

saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri soʻrovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, oʻtkazilayotgan saylov bilan bogʻliq boshqa tadqiqotlarni eʼlon qilish.

OAV vakilining vakolat muddati unga akkreditatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma berilgan kundan boshlanadi va saylov yakunlari rasman eʼlon qilingan kuni tugaydi.

YODDA TUTING!

OAV vakili Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi, Markaziy saylov komissiyasining qarorlari va Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom qoidalariga rioya etmagan taqdirda, Markaziy saylov komissiyasi uning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatishi mumkin.