• eye Maxsus imkoniyatlar
O‘zbekiston katta siyosiy jarayon arafasida
27.09.2019
2701
2019-yilning 22-dekabrida mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda saylov kampaniyasi boshlangan. Ushbu muhim voqelik haqida xorijiy ommaviy axborot vositalarida qator xabar va yangiliklar berib borilmoqda.

2019-yilning 22-dekabrida mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda saylov kampaniyasi boshlangan. Ushbu muhim voqelik haqida xorijiy ommaviy axborot vositalarida qator xabar va yangiliklar berib borilmoqda.

Xususan, Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi tomonidan mazkur siyosiy jarayonga bag‘ishlab tarqatilgan maxsus xabarda O‘zbekistonda saylov kampaniyasi boshlanganligi aytiladi.

Unda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida saylov kampaniyasi 20 sentyabrdan boshlanishi e'lon qilindi, 2019 yil 22 dekabr' kuni esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi kuni bo‘lib o‘tadi. Mazkur muhim siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Turkiyaning “Anadolu” yangiliklar agentligi muxbirlarining fikricha, O‘zbekiston so‘nggi yillarda taraqqiyotning yangi, jadal demokratik bosqichiga qadam qo‘ydi. Shu sababli, saylovlar ham yangicha ruh va zamonaviy tamoyillar asosida o‘tkazilishi kutilayotir.

Agentlik 22 dekabr' kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlar mamlakatni rivojlantirishning beshta muhim ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan demokratik g‘oya va tamoyillarning amaldagi yorqin ifodasi bo‘lishiga ishonch bildiradi. Zamonaviy O‘zbekiston siyosiy hayotida, “Anadolu” yozganidek, ko‘ppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm, fikrlar xilmaxilligi, ochiqlik va oshkoralik, bag‘rikenglik tamoyillari tobora mustahkam va keng o‘rin olmoqda.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining “MENAFN” agentligi tomonidan “Bo‘lajak parlament saylovlarini YeXHT DIIHBning to‘laqonli mis¬siyasi kuzatib boradi” sarlavhali maqola e'lon qilindi.

Materialda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi O‘zbekistonda saylovoldi muhiti va ularga tayyorgarlik jarayonini, mamlakatda erkin va demokratik saylovlar o‘tkazilishini ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarni ijobiy baholab, parlament saylovlariga to‘laqonli kuzatuv missiyasini yuborish niyatini bildirgani xabar qilinadi. Byuro tarqatgan hisobotga tayangan holda, Agentlik Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida respublikada iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohasida, shu jumladan, valyutani tartibga solishni liberallashtirish, viza rejimini soddalashtirish va qo‘shnilar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, bir qancha siyosiy mahbuslarni ozod etish va huquqni muhofaza qilish tizimida keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotgani ta'kidlanadi. Ayniqsa, saylovlar saylov qonunchiligi sezilarli darajada yangilangan sharoitda o‘tishi alohida e'tirof etiladi.

“UrduPoint” gazetasidagi (Pokiston) “Yangi O‘zbekiston — yangi saylovlar” sarlavhali reportajda ma'lum qilinishicha, 2019 yilning 25 iyunida Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan Saylov kodeksini amaliyotga joriy etishga oid Qonun mamlakat tarixida ilk bor imzolandi.

Mazkur Kodeks Prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a'zolari, mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish tartibini belgilaydi.

“Ilgari saylovlarni o‘tkazish tartibi alohida-alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solingan edi. Endilikda 26 ta hujjat, xususan, O‘zbekiston Prezidenti saylovi, Oliy Majlisga saylov, Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risidagi qonunlar o‘z kuchini yo‘qotdi. Bu hujjatlar o‘rniga saylovlar bilan bog‘liq sohani yagona Saylov kodeksi tartibga soladi”, deb yoziladi nashrda.

Joriy yilda Saylov kodeksiga binoan, siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga bo‘lajak saylovlarda 135 emas, balki to‘liq 150 saylov okrugidan nomzod ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldi. O‘zbekiston ekologik harakatiga berilgan kvota chiqarib tashlangani partiyalararo raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi.

“Economic Times” gazetasi (Hindiston)da o‘quvchilar zamonaviy O‘zbekiston partiyaviy tizimi bilan tanishtiriladi:

“Bu yil beshta siyosiy partiya o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega. Bular — Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasidir. Saylovlarda 20 milliondan ortiq saylovchilar, shulardan ikki milliondan ziyod yoshlar ilk bor ovoz beradi”.

Hindistonlik jurnalistlarning fikricha, O‘zbekistondagi demokratik jarayonlar endi ortga qaytmaydigan, muqarrar tus oldi. 2019 yil dekabr' oyida bo‘lib o‘tadigan mamlakat parlamenti va mahalliy Kengashlariga saylovlar O‘zbekistonning yangi taraqqiyotidagi muhim bosqich bo‘ladi.

 

Anvar MIRZAEV
(«Xalq so‘zi») tayyorladi.