• eye Maxsus imkoniyatlar
Tashviqot - saylovlar mezoni
07.10.2019
2881
Saylovoldi tashviqoti – bu saylov kampaniyasining eng muhim bosqichlaridan biri boʻlib, bir oydan ortiq vaqt davom etadi, yaʼni saylovga 35 kun qolganida boshlanadi va bir kun qolganda toʻxtatiladi.

Saylovoldi tashviqoti – bu saylov kampaniyasining eng muhim bosqichlaridan biri boʻlib, bir oydan ortiq vaqt davom etadi, yaʼni saylovga 35 kun qolganida boshlanadi va bir kun qolganda toʻxtatiladi.

Aynan saylovoldi tashviqoti davrida siyosiy partiyalar va nomzodlar saylovchining ovozi uchun kurash maydoniga chiqadilar, oʻzaro raqobat qiladilar. Va aynan saylovoldi tashviqoti natijalari boʻyicha saylovchilarimiz qaysi partiya va nomzodga ovoz berish toʻgʻrisida uzil-kesil bir toʻxtamga keladilar.


Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning avvalgi saylovlarda qabul qilingan nizomlardan farqi quyidagilardan iborat:

Birinchidan, avvalgi nizomlar bilan faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti olib borish tartibi belgilangan boʻlsa, endilikda mazkur nizomda mahalliy Kengashlarga deputatlikka nomzodlar tomonidan ham saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi belgilanmoqda.


Ikkinchidan, avvalgi nizomlarda deputatlikka nomzodlarning OAVdan foydalanish tartibi belgilangan boʻlsa, mazkur nizomda umuman saylovoldi tashviqotini olib borishning barcha turlari batafsil yoritilgan.

Uchinchidan, siyosiy partiyalarning soʻrovlariga asosan saylovoldi tashviqoti boshlanmasdan turib, saylov kampaniyasi davrida umumpartiyaviy tashviqot-targʻibot tadbirlari uchun siyosiy partiyalarning oʻz mablagʻlarini ishlatish masalalariga aniqlik kiritilmoqda. Yaʼni caylovoldi tashviqoti boshlangunga qadar siyosiy partiyalar tomonidan oʻzining dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi toʻgʻrisida tushuntirish va targʻibot ishlarini oʻz mablagʻlari hisobidan, shu jumladan homiylik mablagʻlaridan foydalangan holda amalga oshirishi mumkinligi belgilanmoqda.


Bunda eng muhim shart – hali deputatlikka nomzodlar roʻyxatga olinmagani sababli, siyosiy partiyani yoki uning deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga daʼvat etish yoki chaqirish mumkin emas.

Toʻrtinchidan, OAVda, shu jumladan hamma foydalana oladigan telekommunikatsiya tarmoqlarida deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarni yoritish jarayonining monitoringini olib borish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.


Beshinchidan, yana bir muhim yangiliklardan biri bu avvalgi saylov qonunchiligimizda binolarga, inshootlarga va boshqa joylarga ilgari joylashtirilgan saylovoldi tashviqoti materiallari saylovga bir kun qolganida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan olib qoʻyilar edi. Mazkur qoida Saylov kodeksidan chiqarib tashlangani sababli nizomda saylovoldi tashviqoti materiallarini saylov kuni va ovoz berishdan bir kun qolganida olib qoʻyilishi majburiy hisoblanmasligi belgilab qoʻyilmoqda.

Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan kelishilgan.

Mazkur Nizomni tasdiqlash uchun havola etilayotgan qarorda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga siyosiy partiyalar va nomzodlarning ommaviy tadbirlarni oʻtkazishga ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizalarini imkon qadar qisqa muddatlarda koʻrib chiqish yuklatilmoqda.
Bunda ommaviy tadbirlarning umumiy sonini koʻrsatgan holda saylov kampaniyasi tugaguniga qadar amal qiladigan yagona ruxsatnoma berish tavsiya etilmoqda.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyasiga siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar, shuningdek ularning ishonchli vakillarining saylovoldi tashviqoti bilan bogʻliq ommaviy tadbirlar oʻtkazishda jamoat xavfsizligini taʼminlash vazifasi yuklatilmoqda.


Qarorning 2-ilovasida 3ta 2004, 2009 va 2014-yilgi Markaziy saylov komissiyasining saylovoldi tashviqotiga oid qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish taklif etilmoqda.


Istamov Maxmud Shuxratovich

Markaziy saylov komissiyasi

raisi oʻrinbosari