• eye Maxsus imkoniyatlar
“Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi” oʻtkaziladi
11.10.2019
2207
Joriy yilning 11-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlis kun tartibidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarini tuzish va ularning shaxsiy tarkibini tasdiqlash hamda “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi”ni tashkil etish va oʻtkazish masalalari oʻrin oldi.

Joriy yilning 11-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlis kun tartibidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarini tuzish va ularning shaxsiy tarkibini tasdiqlash hamda “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi”ni tashkil etish va oʻtkazish masalalari oʻrin oldi.

Saylov kodeksining 21-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyasi esa tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiya raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va olti — sakkiz nafar komissiya aʼzosidan iborat tarkibda tuziladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalarining aʼzolari xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining tavsiyasiga binoan tasdiqlanadi. Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalarining aʼzolari fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining tavsiyasiga binoan tasdiqlanadi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 2019-yil 22-dekabr kuni boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish jarayonida, saylovchilarning huquqiy madaniyati darajasi yanada yuksaltirish maqsadida targʻibot oyligini toʻgʻri tashkil etish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Taʼkidlanganidek, aholining keng qatlamlari, xususan, xotin-qizlar, yoshlar, ayniqsa, birinchi marta ovoz beradigan fuqarolar, nuroniylar, imkoniyati cheklangan shaxslar, harbiy xizmatchilar, mehnat jamoalari, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar oʻrtasida, ularning saylov jarayoni faolligini oshirish, siyosiy bilim darajasini yuksaltirishga qaratilgan targʻibot va tashviqot ishlarini olib borish maqsadida 2019-yilning 15-oktyabridan 15-noyabrigacha Oʻzbekiston Respublikasida “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi” oʻtkaziladi.

Targʻibot va tashviqot oyligida saylovchilarining huquqiy bilimini yanada yuksaltirish va saylov madaniyatini oshirish, Saylov kodeksining mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishda saylov komissiyalarining roli haqida xabardor etish, aholining oʻz konstitutsiyaviy huquqlaridan toʻgʻri foydalanib, saylovlarda faol ishtirok etishiga va dahldorlik tuygʻusini kuchaytirishga eʼtibor qaratiladi.

Shuningdek, Viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari aʼzolari, adliya organlarining mutaxassislari bilan birgalikda mahallalar, korxonalar, taʼlim muassasalarida saylovchilar bilan “Saylov qonunchiligidagi yangiliklar” mavzuida uchrashuvlar oʻtkazib boradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi umumtaʼlim muassasalarining oʻquvchilari oʻrtasida “Men ham kelajakda ovoz beraman!” mavzuida insholar va rasmlar tanlovlari, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan “Mening ovozim – Vatanim kelajagi”, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Nuroniylar” jamgʻarmasi bilan birgalikda “Men shaxsan oʻzim ovoz beraman!” mavzularida turkum targʻibot tadbirlari oʻtkaziladi. 

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda, “Saylovchilar roʻyxatida bormisiz?” deb nomlangan tadbirlar doirasida Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirishning maqsadi, vazifalari va ahamiyati haqida aholi oʻrtasida targʻibot ishlarini olib boradi.


Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati