• eye Maxsus imkoniyatlar
Saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uning oʻtkazishga doir xarajatlar smetasini tasdiqlandi
15.10.2019
2576
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uning oʻtkazishga doir xarajatlar smetasini tasdiqlash toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uning oʻtkazishga doir xarajatlar smetasini tasdiqlash toʻgʻrisida.

Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi, Byudjet kodeksi, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanishi belgilab qoʻyilgan.


Shu munosabat bilan joriy yilning 22-dekabr kuni boʻlib oʻtadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni amalga oshirish uchun Respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan jami 230 milliard 549 million soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan.

Moliya vazirligi bilan Markaziy saylov komissiyasi Respublika byudjetidan ajratilishi koʻzda tutilgan mablagʻlarning quyidagi maqsadlar uchun sarflanishi haqida oʻzaro kelishib olindi.

Jumladan:

- Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar uchun hududiy okurug va uchastka saylov komissiyalariga – 96 milliard 807 million soʻm;

- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar uchun hududiy okurug va uchastka saylov komissiyalariga - 45 milliard 330 million soʻm;

- Saylovlarda ishtirok etadigan siyosiy partiyalarining umumpartiyaviy tadbirlari va siyosiy partiya tomonidan koʻrsatilgan nomzodlarning saylovoldi tashviqot va targʻibot ishlarini amlaga oshirishga - 46 milliard 674 million soʻm;

- Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq markazlashgan tartibda xarid qilinadigan zarur moddiy-texnika jihozlar, tovar va xizmatlar bilan taʼminlash uchun – 41 milliard 737 million soʻm mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.

Joriy yilda boʻlib oʻtadigan Parlament va mahalliy kengashlarga saylovlar uchun ajratilayotgan byudjet mablagʻlarini oldingi oʻtkazilgan Parlament va mahalliy kegashlarga saylovlar bilan taqqoslasak quyidagilarni koʻrish mumkin:

Birinchidan: Oldingi oʻtkazilgan Parlament va mahalliy kengashlarga saylovlarda siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan nomzodlarning faqatgina Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga koʻrsatilgan nomzodlarga saylovoldi tashviqoti uchun mablagʻ ajratilgan boʻlsa, joriy yilda boʻlib oʻtadigan saylovlarda ilk bora Parlament va mahalliy kengashlarga Siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan barcha nomzodlar uchun saylovoldi tashviqoti davrida tenglikni taʼminlash maqsadida nomzodlarning barchasiga byudjetdan mablagʻ ajratilishi rejalashtirildi.

Ikkinchidan: Respublika byudjetidan ajratilayotgan mablagʻlar albatta Siyosiy partiya vakillari hamda Moliya vazirligi bilan oʻzaro kelishilgan holda quyidagi miqdorlarda taqsimlangan yaʼni

Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod uchun - 10 million 832 ming soʻm, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashi deputatligiga nomzod uchun - ikki million soʻm, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashi deputatligiga nomzod uchun – bir million soʻm miqdorida belgilangan.

Uchinchidan: Joriy yilda boʻlib oʻtadigan parlament saylovlarining oldingi oʻtkazilgan parlament saylovlaridan yana bir farqi shundaki, Parlament va mahalliy kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishda ishtirok etadigan saylov komissiyasi aʼzolariga quyidagi mehnatga haq toʻlash tizimi joriy etildi.

Jumladan:

- Saylov komissiyalarining qaroriga binoan komissiya aʼzolari saylov jarayonlari vaqtida asosiy ish joyidagi ishlab chiqarish va xizmat vazifalaridan ozod etiladi hamda saylov uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda ish haqi toʻlovlari amalga oshiriladi.

- Saylov jarayonlarida komissiya aʼzolari boʻlgan, lekin doimiy ish joyiga ega boʻlmagan shaxslarga, pensionerlarga xarajatlar smetasida rejalashtirilgan mablagʻlar doirasida oʻrtacha ish haqi toʻlovlari amalga oshiriladi.

- Saylov komissiyalari raislarining hamda ish beruvchining tegishli qarorlari asosida saylov jarayoni davrida asosiy ish joyida ish haqi saqlangan holda ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan toʻliq yoki qisman ozod qilinadi va ularga soliqqa tortilmaydigan kompensatsiya (ovqatlanish, transport va boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida) toʻlovi toʻlab beriladi.

Ushbu kompensatsiya miqdori xarajatlar smetasida belgilanadi.

Toʻrtinchidan: joriy yilgi saylovlarda ishtirok etuvchi saylovchilarning yagona elektron roʻyxati tizimini toʻliq joriy etish va saylov jarayonining shaffofligini taʼminlash maqsadida saylov kampaniyasi davrida har bir saylov uchastkasini Internet tarmogʻiga ulash va uzluksiz ishlab turishi uchun byudjetdan mablagʻ ajratish koʻzda tutilgan.

Ibodullayev Adxam

Ibodullayevich

Markaziy saylov komissiyasining

doimiy asosda ishlovchi aʼzosi