Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov oʻtkazuvchi Sirdaryo viloyati Yangiyer shahridagi 74-Yangiyer okrug saylov komissiyasi oʻz ishini boshladi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining tegishli moddasi talablariga muvofiq okrug saylov komissiyasi vakolatidagi qator masalalar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazi Sirdaryo viloyati boʻlimi aʼzolari, siyosiy partiyalarning vakillari, adliya boshqarmasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar masʼul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazuvchi saylov komissiyasi, Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazining viloyat boʻlimi barcha sharoitlarga ega zamonaviy binolarda joylashtirildi. Ular bugun ish faoliyatini izchillik bilan davom ettirayotir.
– Saylovlar bugungi kunda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, yaqin va olis istiqbol uchun belgilab olinadigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashiga saylov oʻtkazuvchi viloyat saylov komissiyasi masʼul kotibi Faxriddin Abdusattorov. – Bu yilgi saylovlarda viloyatimizda 509 ming nafarga yaqin saylovchilar, shundan 17 ming 600 nafari birinchi marta ovoz beruvchi yosh qatnashishi kutilmoqda. Viloyatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 4 ta, xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazuvchi 50 ta, shahar Kengashlariga 50 ta, tuman Kengashlariga 240 ta va jami 370 ta saylov okrugi hamda 381 ta saylov uchastkasi tuzish, ularning chegaralari va markazlarini belgilash ishlari yangi qabul qilingan Saylov kodeksi talablari asosida amalga oshirilmoqda. Saylov komissiyalariga jami 6 ming 750 nafar aʼzo qamrab olinishi kutilayotir.
Viloyatdagi 74-Yangiyer saylov okrugiga 4 ta hudud qamrab olingan boʻlib, ular Yangiyer, Shirin shaharlari va Sardoba hamda Xovos tumanlaridir. Ushbu hududlardan 126 ming 904 nafar saylovchi boʻlib, shundan 7 ming 401 nafarini bu saylovlar jarayonida ilk marotaba ovoz beruvchi fuqarolar tashkil etadi.
Xuddi shunday tadbir Guliston shahri 72-Guliston saylov okrugida ham tashkil etildi.
Abdujalol QAYUMOV, OʻzA