• eye Maxsus imkoniyatlar
Saylov komissiyalari muhim siyosiy jarayonga qanday hozirlik koʻrmoqda?
16.10.2019
2022
Termiz shahrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga joriy yilning 22-dekabr kuni boʻlib oʻtadigan saylovga viloyat, tuman, shahar va okrug saylov komissiyalari tomonidan koʻrilayotgan tayyorgarlik ishlariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Termiz shahrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga joriy yilning 22-dekabr kuni boʻlib oʻtadigan saylovga viloyat, tuman, shahar va okrug saylov komissiyalari tomonidan koʻrilayotgan tayyorgarlik ishlariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Xalq deputatlari viloyat kengashiga saylov oʻtkazuvchi viloyat saylov komissiyasi raisi Sherpoʻlat Boyqulov, Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi Suyarjon Qurbonqulov va boshqalar “Yangi Oʻzbekiston:Yangi saylovlar” shiori ostida shu yil dekabr oyida oʻtkaziladigan saylovni viloyatda yuksak saviyada tashkil etishga alohida tayyorgarlik koʻrilayotganini taʼkidladi. Bu jarayonning ochiq va oshkora oʻtishini taʼminlashda yangi qabul qilingan saylov kodeksi muhim omil boʻlayotganini qayd etdi.

Yangi saylov kodeksiga muvofiq vohada viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazuvchi 11 ta, xalq deputatlari viloyat kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha 60, tuman va shahar kengashlariga saylov oʻtkazuvchi 409 ta okrug saylov komissiyasi, komissiya raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va azolari tuzilib, matbuotda elon qilindi.Ularning faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlarga ega zamonaviy binolardan joy ajratildi. Komissiyalar tarkibi saylov boʻyicha yetarli koʻnikma va bilimga, hududda obru-etiborga ega fuqarolar hamda jamiyat hayotida faol xotin-qizlardan tashkil etildi.

08.jpg

Xalq deputatlari viloyat kengashiga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari tarkibidagi 558 aʼzoning 407 nafari avvalgi saylovlarda qatnashgan fuqarolar, 223 nafari xotin-qizlardir. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarida faoliyat yuritadigan 107 aʼzoning 66 nafari muqaddam saylovlarda ishtirok etgan fuqarolar va 52 nafarini xotin-qizlar tashkil etmoqda.
– Yangi saylov kodeksi asosida tashkil etilayotgan saylov kompaniyasiga xalqaro hamjamiyat tomonidan katta qiziqish bildirilayotir, – deydi Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi Suyarjon Qurbonqulov. – Shu kunlarda Markaziy saylov komissiyasining ekspertlar guruhi siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining toʻgʻriligini tekshirmoqda. Hayotimizda muhim oʻrin tutadigan siyosiy jarayonning umumetirof etilgan xalqaro standartlar asosida oʻtishi koʻp jihatdan viloyat, tuman, shahar va okrug saylov komissiyalari faoliyatiga bogʻliqdir. Shu bois ham saylov okruglarini zamonaviy usulda jihozlash va barcha sharoitlarni yaratishga eʼtiborni yanada kuchaytirish kerak.
09.jpg

Yigʻilishda viloyat, tuman, shahar va okrug saylov komissiyalarini jihozlash, ularning vakolatlari hamda vazifalarni belgilangan muddatlarda sifatli tashkil etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Mutasaddilarning hisobotlari tinglanib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

– Yangi saylov kodeksining 20-moddasida viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasining, 22-moddasida okrug saylov komissiyalarining vakolatlari belgilab qoʻyilgan, – deydi Markaziy saylov komissiyasi azosi Muhayyo Joʻrayeva. – Shunga asosan saylov komissiyalari saylov kodeksi ijrosi yuzasidan nazoratni amalga oshirish barobarida koʻplab muhim vazifalarni bajarish vakolatiga egadir. Mavjud okrug saylov komissiyalarining zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanishi, komissiya aʼzolari uchun yetarli qulayliklarni yaratish ana shu vazifalarni samarali bajarishga koʻmaklashadi. Yigʻilishda shu haqda ham atroflicha fikr almashganimiz ayni muddao boʻldi.

Tadbir ishtirokchilari Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazuvchi 78-Termiz saylov okrugi hamda hamda xalq deputatlari shahar kengashiga saylov oʻtkazuvchi Termiz shahar saylov komissiyasi bilan yaqindan tanishdi.


Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, Jonibek QOʻZIMURODOV (surat), OʻzA