• eye Maxsus imkoniyatlar
Saylovlar demokratik tamoyillar asosida, yangicha ruhda oʻtadi
17.10.2019
6967
Oʻzbekiston katta siyosiy jarayon - Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi arafasida turibdi. Saylovlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, yaqin va olis istiqbol uchun belgilab olinadigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekiston katta siyosiy jarayon - Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi arafasida turibdi. Saylovlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, yaqin va olis istiqbol uchun belgilab olinadigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 20-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisi ana shu yirik voqeaga bagʻishlandi.

Majlisda Markaziy saylov komissiyasi 2019-yil 22-dekabrni - Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kuni deb belgiladi. Saylov kampaniyasi 20-sentyabrdan boshlanishi eʼlon qilindi.

2019-yilning 22-dekabrida boʻlib oʻtadigan saylovlar ilgargi saylovlardan tubdan farq qiladi. Eng avvalo, bu yilgi saylovlarda konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan Oʻzbekistonning qonun chiqaruvchi hokimiyati va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tarkibi davriylik prinsipi asosida yangilanishi taʼminlanadi.    

Saylovlarning yangicha oʻtishi, birinchidan, fuqarolarning siyosiy-huquqiy ongi va madaniyati yuksalib borayotganligi, ikkinchidan, siyosiy partiyalarning saylovoldi platformalari rang-baranglik kasb etib, jamiyat va davlat hayotidagi muhim muammolarni yechishga qaratilayotgani, uchinchidan, ommaviy axborot vositalarining tom maʼnodagi “toʻrtinchi hokimiyat” sifatidagi oʻz oʻrnini egallayotgani, eng muhimi, mamlakatimizda barcha sohalar rivojida ochiqlik, oshqoralik tamoyillariga katta etibor qaratilayotgani bilan bevosita bogʻliqdir.

Oʻz taraqqiyotining yangi, demokratik bosqichiga qadam qoʻygan Oʻzbekistonda yangi parlamentga va yangi mahalliy kengashlarga deputatlarni saylash uchun yangicha ruhdagi saylovlar kampaniyasi boshlandi. Joriy yildagi saylovlar mamlakatimizni rivojlantirishning beshta muhim ustivor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida  oʻz ifodasini topgan ilgʻor demokratik gʻoyalarning amaldagi yana bir yorqin ifodasi boʻladi. Ayni paytda, ushbu saylovlar Oʻzbekistonda barcha sohalarda, jumladan, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishlarda  amalga oshirilayotgan keng koʻlamli, jadal islohotlarning uzviy qismidir.

Davlatimiz yuritayotgan  bunday izchil va dadil siyosat oʻzining yuksak  samaralarini bermoqda. Dunyo hamjamiyati Oʻzbekistonning tobora yuksalib borayotgan nufuzini keng eʼtirof etmoqda va yurtimiz bilan har tomonlama hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda. Jamiyatimiz hayotidan koʻppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm, fikrlar rang-barangligi, ochiqlik va oshkoralik, bagʻrikenglik tamoyillari tobora mustahkam   va keng oʻrin olmoqda.

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, Oʻzbekiston Respublikasi  Prezidenti tomonidan 2019-yil 25-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksini amaliyotga joriy etishga oid qonunning imzolanishi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotidagi ulkan voqea boʻldi.

Bu yil mamlakatimiz parlamenti va xalq deputatlari mahalliy   kengashlariga saylovlar ilk bor Oʻzbekiston Respublikasining yangi Saylov kodeksi asosida oʻtadi va saylovlarda birinchi marta beshta siyosiy partiya oʻz nomzodlarini koʻrsatish huquqiga ega. Bular  – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Oʻzbekiston Ekologik partiyasi.

Saylovlarga tayyorgarlik jamiyatni demokratlashtirish jarayonlari tobora kengayib, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi yuksalayotgan, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshib borayotgan, shuningdek, mamlakatimizning saylov tizimini modernizatsiya qilish ishlari jadallashgan sharoitda amalga oshirilmoqda. Bunda xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT,  SHHT, MDH, ayniqsa, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi bilan hamkorlik oʻz samaralarini berayotir. Boʻlajak saylovlar mazkur Byuro tomonidan mamlakatimizning demokratiyaga oʻtishidagi muhim siyosiy voqea sifatida baholandi.

Oʻzbekistondagi bu yilgi saylovlar umumetirof etilgan xalqaro saylov prinsiplari - universallik, tenglik, erkinlik, adolatlilik, yashirinlik, ochiqlik va hisobdorlik asosida oʻtkaziladi.  Bu - har bir ovoz eʼtiborga olinadi va har bir fuqaro davlat hokimiyati vakillik organlarini shakllantirishda bevosita ishtirok etadi, bir saylovchi – bir ovoz, demakdir. Bu - Oʻzbekistonda saylovlarda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik amalda keng taʼminlanadi  demakdir. Bu - uchastka saylov komissiyalaridan to Markaziy saylov komissiyasigacha – barcha darajadagi saylov komissiyalari oʻz ishini eng yuksak demokratik prinsiplar asosida amalga oshiradi demakdir.

Buning uchun Oʻzbekistonda barcha huquqiy asoslar va imkoniyatlar yaratilgan: umumeʼtirof etilgan asosiy xalqaro saylov standartlari va normalari implementatsiya qilingan milliy saylov qonunchiligi ham,  saylovlarni oʻtkazish borasida koʻp yillik milliy tajriba ham, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ham, malakali kadrlar ham bor.

Eng muhimi, Oʻzbekiston rahbariyatining milliy anʼanalar va zamonaviy demokratiya gʻoyalariga ulkan sadoqati, kuchli siyosiy irodasi mavjud. Jamiyatda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy, demokratik muhit va tamoyillar mustahkam qaror topgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va barcha darajadagi saylov komissiyalari saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish jarayonida oʻz ishini ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga binoan tashkil etadi. Buning yaqqol dalili – saylov kampaniyasi boshlangan kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan Xalqaro matbuot markazining ishga tushirilganidir. Markazning ochilishida  turli darajadagi saylov komissiyalari aʼzolari,  siyosiy partiyalarning  rahbarlari, mamlakatimiz  va xorijiy ommaviy axborot vositalari,  fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.  Taʼkidlamoq zarurki, Xalqaro matbuot markazining hududiy boʻlinmalari ham ishga kirishdi. Ularda ham saylovlar sohasida katta tajribaga ega jurnalistlar, olimlar va  ekspert-mutaxassislar faoliyat yuritadi. Ommaviy axborot vositalari vakillari, kuzatuvchilar, jumladan, xalqaro kuzatuvchilar, oddiy saylovchilar – istagan kishi - Xalqaro matbuot markazidagi tunu kun ishlaydigan koll-sentrdan, nafaqat saylov jarayonlari, balki mamlakatimizning bugungi taraqqiyoti, tarixi va istiqboli bilan bogʻliq oʻz savollariga javob olishi mumkin. 

Shu oʻrinda mamlakatimizda boʻlajak saylovlarga tayyorgarlik ishlari qanday yoʻlga qoʻyilganiga qisqacha toʻxtalib oʻtsam. Avvalo, saylov sohasidagi qonunlar  yaxlit bir hujjat shakliga keltirilib, xalqaro norma va standartlarga javob beradigan puxta, ixcham va yagona Saylov kodeksi ishlab chiqildi. Loyiha keng jamoatchilik, milliy hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida batafsil muhokamadan oʻtkazilganidan soʻng, mamlakatimiz parlamenti tomonidan 18 bob hamda 103 moddadan iborat Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi qabul qilindi.

Yana bir muhim yangilik - Oʻzbekistonning milliy saylov tizimiga Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi (SJBAT) va Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati (SYAER) joriy etilmoqda. Saylov organlari boʻyicha kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari ham zamon talablari darajasida takomillashtirilmoqda. Mazkur axborot tizimi huquqiy tajriba tartibida 2017-yil dekabr oyida Toshkent shahrida Xalq deputatlari tuman kengashlari saylovida sinovdan oʻtkazilgan va mahalliy hamda xorijiy ekspertlar tomonidan yuksak baholangan edi. 

Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 27-maydagi  913-qarori bilan tasdiqlangan Oliy Majlis, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga 2019-yil dekabr oyida boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturiga binoan barcha darajadagi saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlarning bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan ishlar  8 bosqichli “kaskad” uslubida, yaʼni yuqoridan quyiga kengayib, takomillashib boradigan yoʻsinda tashkil etilganini ham taʼkidlash oʻrinli. Zero, saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish jarayonida bevosita ishtirok etadigan saylov faollarini bunday tizimli va keng koʻlamli oʻqitish  mamlakatimiz tarixida birinchi marta yoʻlga qoʻyildi. Bu yilgi saylovlarda 16 mingdan ziyod saylov okruglari  va saylov uchastkalari tuzilishi rejalashtirilgan. Shu vaqtgacha 70 nafar respublika trenerlari va hududlarda 748 nafar “tuman trenerlari” guruhi shakllantirildi. Hozirgacha ushbu trenerlar tomonidan 51 mingga yaqin saylov komissiyalarining raislari, oʻrinbosarilari va kotiblari oʻqitildi.  Saylovlarni tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha seminar-treninglarda jami 170 ming nafarga yaqin saylov komissiyalari aʼzolari oʻz bilimi va koʻnikmalarini oshiradi.

Qayd etish lozimki, seminar-trenglarga poytaxtimizdagi saylov huquqiga ixtisoslashgan ilm-fan markazlarining yetakchi olimlari va ekspertlari, hududlardagi mahaliy oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, adliya sohasining tajribali mutaxassislari jalb etilgan. Seminar-treninglarda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining masʼul xodimlari tomonidan saylov qonunchiligdagi yangiliklar va ularni amaliyotda qoʻllash masalalari yuzasidan keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Ayni paytda, saylov komissiyalari aʼzolari tezkorlik bilan foydalanishi uchun maxsus “Saylov-2019” mobil ilova ishlab chiqildi va zarur maʼlumotlar bilan toʻldirilmoqda. Maxsus Telegram messenjerida kanali ishlab turibdi. 

Joriy yilda qabul qilingan Saylov kodeksi boʻyicha saylovlarni tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha yangi normativ-huquqiy hujjatlar - yoʻriqnoma, reglament va nizomlarni ishlab chiqish va qabul qilish Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning eng muhim yoʻnalishlaridandir. Saylov kampaniyasi boshlangunicha bu borada oʻndan ortiq hujjat qabul qilindi. Shuni bilan birga, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi - OʻzA, “Dunyo” axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Uzreport” axborot agentligi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish jarayonlarini keng yoritishga doir ikki tomonlama bitimlar imzolandi.

Shunday oʻzaro hamkorlik kelishuvlari Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi bilan ham imzolandi. Kelishuvlar ayollarning va yoshlarning, ayniqsa, birinchi marta ovoz beradigan yigit-qizlarning huquqiy madaniyatini oshirish, saylovlarda faol ishtirok etishini, ovoz berishini taʼminlashga doir aniq tadbirlar belgilangan.

Imkoniyati cheklangan fuqarolarning ovoz berish jarayonidagi faolligini oshirish uchun barcha zarur choralar koʻrilayotgani ham bu yilgi saylovlarda alohida eʼtibor qaratilayotgan jihatlardan. Uchastka saylov komissiyasining joylashgan yeri nogironligi boʻlgan saylovchilarning ovoz berish joyiga kelib-ketishi, jumladan, transportda kelib-ketishi, kirib-chiqishi, bino ichida harakatlanishi, erkin va toʻsiqlarsiz ovoz berishi uchun har tomonlama qulay (qiyoteksyoʻlakchalar yoki maxsus qurilmalar oʻrnatilgan, maxsus kabinalar) boʻlishiga, siyosiy partiyaning va deputatlikka nomzodlarning bosma, koʻrgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini tayyorlash va tarqatish, saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali saylovoldi tashviqotini olib borishda nogironligi boʻlgan saylovchilarning alohida ehtiyojlariga (imo-ishora tili, subtitr yozuvi, brayl alifbosida chop etishga) alohida eʼtibor qaratiladi.  

Mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarni, jumladan, saylovchilarning saylovda ovoz berish jarayonini  yurtimizda faoliyat yuritayotgan  siyosiy partiyalarning, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning vakillari, jurnalistlar, jumladan xorijlik jurnalistlar - minglab odamlar bevosita kuzatib boradi.

Xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari haqida gap ketar ekan, bir raqamni aytib oʻtishimiz zarur. Avvalgi parlament saylovlarida YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi cheklangan missiyasining oʻttizga yaqin kuzatuvchisi ishtirok etgan boʻlsa, bu yil oʻtajak saylovlarimizni Byuroning uch yuzga yaqin vakili kuzatib borishi kutilmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga qaraganda, missiya asosiy guruhni, shuningdek, 30 nafar uzoq muddatli va 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchini oʻz ichiga oladi. Uzoq muddatli kuzatuvchilarning funksiyasiga saylov jarayonining turli bosqichlarini hududlarda kuzatish kirsa, qisqa muddatli kuzatuvchilar saylov kuni biriktirilgan tumanlarda ovoz berishni kuzatadi.

Saylov - hamisha oʻziga xos sinov. Mamlakat uchun, saylanuvchi va saylovchilar uchun, uni oʻtkazuvchi tashkilotchilar uchun, jurnalistlar uchun ham. Chunki, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek,  “saylov jarayonlarida barchamizning, avvalo, dunyoqarashimiz, siyosiy va huquqiy madaniyatimiz, grajdanlik pozitsiyamiz yana bir bor namoyon boʻladi”.

 

Mirzo Ulugʻbek ABDUSALOMOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy

saylov komissiyasi raisi.