• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi haqida
22.10.2019
4749
Joriy yilning 22 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida shu kabi masalalar oʼrtaga tashlandi. Yigʼilishda MSK aʼzolari, OАV va siyosiy partiyalar vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari qay tartibda tashkil etiladi? Ularni tuzish va tegishli okruglarga biriktirish qanday amalga oshiriladi?

Joriy yilning 22 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida shu kabi masalalar oʼrtaga tashlandi. Yigʼilishda MSK aʼzolari, OАV va siyosiy partiyalar vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, Saylov kodeksining 10-moddasiga muvofiq Oʼzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuzilishi, ularni okrugga biriktirish toʼgʼrisidagi masala Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hal etilishi belgilab qoʼyilgan. Oʼzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari Oʼzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.

Saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va koʼpi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuziladi. Saylov uchastkalarining soni okruglar sonidan kam boʼlishi mumkin emas.

Okrug saylov komissiyasi saylov uchastkalarining tartib raqamini belgilaydi hamda tegishli uchastka komissiyasining telefon raqamlarini, joylashgan yerini va ovoz berish binosini koʼrsatgan holda saylovchilarni har bir uchastkaning chegaralari toʼgʼrisida xabardor etishni tashkil qiladi.

Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bir vaqtda oʼtkazilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʼtkazish boʼyicha okrug saylov komissiyalari tomonidan yagona saylov uchastkalari tuziladi.

Shuningdek, xorijda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan fuqarolar, ularning murojaatlariga asosan xorijdagi saylov uchastkalaridagi saylovchilar roʼyxatiga kiritiladi.

Bundan tashqari, fuqarolar TIV rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda xorijdagi saylov uchastkasining saylovchilar roʼyxatiga kiritish toʼgʼrisidagi murojaatini saylovga oʼn besh kun qolgunga qadar berishi mumkin.

Shuningdek, majlis doirasida Ommaviy axborot vositalari vakillarining akkreditatsiyadan oʼtkazish masalasi koʼrib chiqildi. Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʼtkazish tartibi toʼgʼrisida nizomga muvofiq shu kunga qadar MSKga akkreditatsiyadan oʼtkazish yuzasidan murojaat qilgan bir qator OАV vakillariga mandatlar topshirildi.

Yigʼilish soʼngida “SAYLOV-2019” mobilь ilovasining taqdimoti ham boʼlib oʼtdi. Mazkur mobilь ilova saylov komissiyalarining samarali faoliyati uchun qoʼshimcha qulaylik va imkoniyatlar yaratadi. Undan saylovga oid qonun hujjatlari, saylov komissiyalari faollari haqida maʼlumotlar, saylovchilar, komissiya aʼzolari, siyosiy partiyalar va nomzodlar hamda kuzatuvchilar uchun uslubiy tavsiyalar, saylov faollarining bilimini oshirishga doir oʼquv materiallari, kitoblar va maqolalar, saylov mavzusi boʼyicha savol-javoblar oʼrin olgan.

Shuningdek, saylovchilarga oʼz saylov uchastkasini topishida koʼmaklashish uchun maxsus havola ham joylashtirilgan.


Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati