• eye Maxsus imkoniyatlar
YOSHLARNING SAYLOV JARAYONIDAGI FAOLLIGINI OSHIRISH – DOLZARB VAZIFA
28.10.2019
3001
Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan Yoshlar oromgohida “Yosh_saylovchi” loyihasi doirasida saylovlar jarayonida yoshlar ishtirokini kengaytirish va faolligini oshirishga bag‘ishlangan seminar-trening boshlandi.

Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan Yoshlar oromgohida “Yosh_saylovchi” loyihasi doirasida saylovlar jarayonida yoshlar ishtirokini kengaytirish va faolligini oshirishga bag‘ishlangan seminar-trening boshlandi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarida taxsil olayotgan ijtimoiy faol talabalar, “Yoshlar va qonun”, “Men saylovga tayyorman!” respublika tanlovlarining ishtirokchilari, davlat va jamoat tashkilotlarining ilg‘or huquqshunoslari hamda ommaviy axborot vositalarining 200 nafarga yaqin vakillari ishtirok etmoqda.

Seminar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi o‘rtasida 2019 yil 28 iyunda saylovlar jarayonida yoshlarning ishtiroki yuzasidan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha imzolangan kelishuvga binoan tashkil etildi.

Tadbirni o‘tkazishdan maqsad – saylov qonunchiligini aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish va tushuntirish,  yoshlarning saylov jarayonidagi faolligini oshirish, deputatlikka nomzodini ilgari surish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat.

 Bu Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mamlakatimizda aholi keng qatlamlarining saylov jarayonidagi faolligini oshirish maqsadida shu yil 20 oktyabrdan 20 noyabrgacha o‘tkazilayotgan Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi tadbirlariga hamohangdir.

Ochiq muloqot shaklida boshlangan tadbirning birinchi kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 22 dekabr kuni bo‘ladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatligi saylovlariga tayyorgarlik ishlari mamlakatimiz Prezidentining tashabbusi bilan bundan ikki yil avval boshlangan edi. Davlatimiz rahbarining ushbu muhim tashabbusi 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida o‘z ifodasini topdi.

Joriy yilgi saylovlardagi eng muhim yangilik, shubhasiz, saylovlarning ilk bor Saylov kodeksi asosida o‘tkazilishi bilan bog‘liq.

Tadbirda “Yangi O‘zbekiston. Yangi saylovlar” degan so‘zlar shior sifatida tanlangan saylovlarni konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlari, demokratik tamoyillar asosida o‘tkazish mamlakatimizda belgilab berilgan strategik maqsadlar sari qo‘yilgan yana bir ulkan qadam bo‘ladi, deb ta’kidlandi. Bu Vatanimizning xalqaro miqyosdagi nufuzi, xalqimiz farovonligining yanada yuksalishiga xizmat qiladi.

Saylovlar - davlat hokimiyati organlarining davriylik prinsipiga binoan har besh yilda almashib turishiga, ularni xalq va jamiyat oldida hisobdorlik asosida ishlash tartib-taomillariga rioya qilishga muttasil undab, hatto majburlab turadigan yagona mexanizm. Gap ana shu mexanizmdan, imkoniyatdan samarali foydalanishda. Bu esa saylovchilarning huquqiy ongi, bilim va madaniyatining nechog‘lik yuksakligiga, yoshlardagi xalq va Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usining  barqarorligiga ham bog‘liq.

Milliy qonunchiligimizga binoan saylov kuni 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga ega. Saylov kuni 21 yoshga to‘lgan yigit-qizlar mahalliy kengashlarga, 25 yoshdan esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylanishi mumkin.

Bu yilgi saylovlarda 20,6 millionga yaqin saylovchi ovoz berishi kutilmoqda. Ulardan 2 milliondan ortiq yigit-qiz esa birinchi marta saylovda ishtirok etadi.

Ezgu niyat bilan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish ishiga o‘zining faol hissasini qo‘shishga kirishgan yoshlarning bunday xayrli sa’y-harakatlari kelajakda o‘zlari uchun ham g‘oyat samarali va foydali bo‘lishi tabiiy. Chunki ijtimoiy faol yoshlar saylov qonunchiligini chuqur o‘rganib, saylovchilarga o‘rgatib va saylovlarni tashkil etish ishiga sidqi dildan hissa qo‘shsa, katta tajriba va ko‘nikmaga ega bo‘ladi. Ertaga mahalliy kengashlar deputati  yoki Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati mandati uchun kurashga kirishganida, bugun orttirgan tajribasi ularga juda qo‘l keladi.

Bu yil saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida okrug va uchastka saylov komissiyalari tarkibiga yoshlarni ko‘proq jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ham shundan.

 Biz, hammamiz erkin, farovon va to‘kis demokratik jamiyatda, mamlakatda yashashni orzu qilamiz. Lekin faqat orzu, faqat talab qilish va faqat kutib yashash bilan ish bitmasligini, murod hosil bo‘lmasligini ham yaxshi bilamiz. Buning uchun faol harakat qilish, o‘qish, o‘rganish, intilish va o‘rgatish zarur.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “yoshlarimizning mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega bo‘lib, dunyo miqyosida o‘z tengdoshlariga hech qaysi sohada bo‘sh kelmaydigan insonlar bo‘lib kamol topishi, baxtli bo‘lishi uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz”.

Bu o‘gitlarni barchamiz doim yodimizda tutishimiz, yaratilayotgan keng ko‘lamli sharoitlardan samarali foydalanib, bildirilayotgan yuksak ishonchga munosib bo‘lishimiz darkor.

Bunda mamalkatimiz  miqyosida doimiy faoliyat yuritadigan yosh huquqshunoslardan iborat targ‘ibot guruhlarining faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish hamda ulardan siyosiy jarayonlarda foydlanish muhim ahamiyatga ega.

Uch kun davom etadigan tadbirlar doirasida saylov jarayonida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollari oldida turgan ustuvor vazifalar, jumladan, yoshlarning saylov jarayonidagi faolligini oshirish, yigit-qizlarni deputatlikka tayyorlash va bu borada ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholining jamoat, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishga yigit-qizlarni keng jalb qilish, el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashga bag‘ishlangan  davra suhbatlari, savol-javob kechalari, debatlar, bahs-munozaralar o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining yetakchi mutaxassislari, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, mahalliy kengashlar deputatlari, oliy ta’lim dargohlarining professor-o‘qituvchilari, saylov qonunchiligi bo‘yicha taniqli ekspertlar bilan amaliy muloqotlar bo‘lib o‘tadi.

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati