• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasi saylovlarda fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi
04.11.2019
5835
Nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) O‘zbekistonda zamonaviy fuqarolik jamiyatini shakllantirishda, demokratiyani qaror toptirishda, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda juda muhim bunyodkorlik rolini o‘ynaydi. Shunday ekan, bu yilgi saylovlar jarayonida nafaqat siyosiy partiyalar va mas’ul davlat organlarining vakillari, balki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ham bevosita faol ishtirok etishlari hamda jamoatchilik nazorati huquqidan samarali foydalanishlari uchun normativ-huquqiy asoslar yaratildi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) O‘zbekistonda zamonaviy fuqarolik jamiyatini shakllantirishda, demokratiyani qaror toptirishda, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda juda muhim bunyodkorlik rolini o‘ynaydi. Shunday ekan, bu yilgi saylovlar jarayonida nafaqat siyosiy partiyalar va mas’ul davlat organlarining vakillari, balki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ham bevosita faol ishtirok etishlari hamda jamoatchilik nazorati huquqidan samarali foydalanishlari uchun normativ-huquqiy asoslar yaratildi.

Shu munosabat bilan, joriy yilning 4-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandum doirasida samarali hamkorlik qilishga qaratililgan bir qator ishlar amalga oshiriladi:

- Saylov kodeksining 8-moddasiga asosan, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan munosib nomzodlar kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi ta’minlanadi;

- Uchastka saylov komissiyalariga saylovchilar ro‘yxatini aniqlashtirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari yaqindan ko‘maklashadi;

- Fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish, zaruratiga ko‘ra aniqlashtirish ishlariga ko‘maklashish tashkil etiladi;

- Tegishli saylov komissiyalari a’zoligiga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘zlarining faol a’zolari orasidan nomzodlarni tavsiya etadilar.

Bundan tashqari, tomonlar o‘zaro hamkorlida saylov jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga oid masalalarni o‘rganish maqsadida malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda saylov kodeksiga kiritilgan demokratik saylov standartlarining mohiyatini ochib berishga qaratilgan tadbirlar, seminarlar, treninglar, davra suhbatlari o‘tkazadilar. Hamkorlikdagi loyihalarini amalga oshirishda, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqadilar.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan e’lon qilingan 2019-yil 20-oktabrdan 20-noyabrgacha “Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi” davrida tizimli ravishda hamkorlikda tadbirlar o‘tkazib boriladi.

Qayd etish joiz, Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 3-fevralda imzolangan “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Farmoni Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, fuqarolar yig‘inlarining mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqlarini ro‘yobga chiqarishda keng yo‘l ochdi.

Yangi Saylov kodeksiga binoan 22-dekbarda bo‘lib o‘tajak saylovlarda o‘zini-o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilarning ishtirok etishiga ruxsat berilishi mahallaga bo‘lgan e’tiborni yanada ortganligidan dalolat.

Shuningdek, 2019-yilning 30 oktabrida qabul qilingan «Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident qarori bilan Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi etib qayta tashkil etildi.

Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish jarayonlarini, aholining ijtimoiy kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va boshqa vazifalarni hal etishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini, ular tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini o‘rganish va tizimli tahlil qilish, raqobatdosh ko‘p partiyali tizimning rivojlanish darajasini tizimli tahlil qilish, siyosiy partiyalar tomonidan o‘z elektorati manfaatlari yo‘lida o‘tkaziladigan tadbirlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, fuqarolar faolligini oshirish kabilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi. Bu o‘z navbatida saylovlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda, xalqaro standartlar asosida tashkil etilishida mazkur yangi tuzilma bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirishni taqozo etadi.

Tadbirda endilikda avvalgi saylovlarda ishtirok etgan xalqaro kuzatuvchilarning tafsiyalari asosida mamlakatimiz demokratik saylov tizimida ilk marotaba fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan ham kuzatuvchilar ishtirok etish mumkinligi alohida qayd etildi. Markaziy saylov komissiyasining “Siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq mahalliy kuzatuvchilarga ham xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar kuzatuvchilari bilan teng huquq va majburiyatlar belgilangan.

Kuzatuvning maqsadi - saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shu jumladan saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdan iborat.

Tadbir ishtirokchilari haqli ravishda qayd etganlaridek, Memorandum zamirida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarining Saylov huquqi erkinligini ta’minlash va saylov jarayonini yanada demokratlashtirish sohasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, qo‘shma loyiha va tadbirlarni amalga oshirish maqsadi mujassam.

 

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati