• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi
15.11.2019
7194
15-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.

15-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Videokonferens aloqa shaklida o‘tkazilgan majlisda Markaziy saylov komissiyasining a’zolari va mas’ul xodimlari bilan birga okrug saylov komissiyalari rahbarlari, tegishli vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, barcha viloyatlar hokimliklari, jamoat tashkilotlari, jumladan, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Markaziy saylov komissiyasi Raisi M.Abdusalomov 2019-yil 22-dekabr kuni bo‘ladigan saylovlarga tayyorgarlik ishlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi”ga binoan izchillik bilan davom ettirlayotgani alohida ta’kidladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar muhim omil bo‘layotir.

Majlisda Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish hamda Markaziy saylov komissiyaning shu yil 11-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning ijrosiga doir masalalar ko‘rib chiqildi.

Qonunchilik palatasi deputatligiga bo‘ladigan saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan jami beshta siyosiy partiya qonunda belgilangan muddatlarda o‘zining qurultoy va s’ezdlarini o‘tkazdi. Mazkur tadbirlarda partiyalar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi 150 deputatlik o‘rni uchun har bir partiyadan 150 nomzod ko‘rsatildi.

Shundan so‘ng, siyosiy partiyalarning rahbarlari deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olishni so‘rab, Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qildi. Markaziy saylov komissiyasi ekspertlari tomonidan deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarning qonunchilikka muvofiqligi Saylov kodeksida belgilangan muddatlarda sinchiklab tekshirib chiqildi.

Ta’kidlandiki, siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ko‘rsatish bo‘yicha barcha tadbirlar qonunchilik talablariga qat’iy muvofiq holda, oshkoralik va ochiqlik muhitida amalga oshirilgan.

Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 14-moddasiga muvofiq va hujjatlarni tekshirish yakunlariga ko‘ra, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Har bir partiyadan 150 nafardan ro‘yxatga olingan jami 750 nomzodning barchasi oliy ma’lumotli. Shulardan 310 nafari yoki 41,3 foizi xotin-qizlardir. Bu 2014-yilning dekabrida o‘tgan parlament saylovlaridagidan qariyb 10 foiz (31,8) ko‘pdir. Nomzodlar orasida huquqshunoslar - 6,9, iqtisodchilar – 19,1, shifokorlar – 12,4 fozini tashkil qiladi. Deputatlik mandati uchun bir akademik, 22 fan doktori va 52 fan nomzodi kurash olib boradi. Nomzodlar safida navqiron avlod vakillari ilgargiga nisbatan sezilarli darajada ko‘paygan. 25-40 yoshlar orasidagilar – 32,2 foizni tashkil qiladi.

Ro‘yxatga olingan deputatlikka nomzodlarning ro‘yxati matbuotda e’lon qilinadi.

Majlisda deputatlikka nomzodlar ro‘yxatga olinishi bilan saylov jarayonining yangi, yanada muhim bosqichi – saylovoldi tashviqoti boshlanishi ta’kidlandi. Bu jarayon saylov qonunchiligi talablari asosida amalga oshiriladi.

Mamlakatimiz saylov qonunchiligiga binoan saylovoldi tashviqotini olib borish uchun barcha shart-sharoitlar ta’minlangan. Siyosiy partiyalarga, deputatlikka nomzodlarga saylovoldi tashviqoti davrida ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng shart-sharoit yaratish, siyosiy partiyalar o‘zining istiqboldagi faoliyat dasturini targ‘ib qilish huquqini ta’minlash maqsadida, ularning ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda belgilab qo‘yildi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Davletovning vazirlik tomonidan Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti tinglandi.

O‘zbekistonda birinchi marta keng ko‘lam va yuksak uyushqoqlik bilan o‘tkazilayotgan Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi tadbirlari samarali bo‘layotgani alohida takidlandi. Bunda, avvalo, fuqarolarni o‘zlarining muhim huquqlaridan biri – saylovlarda ovoz berish huquqidan faol foydalanishga jalb etishga muhim e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda vazirlik tizimida “Adliya chorlovi” mavzuidagi loyihaning amalga oshirilishi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bunda aholi gavjum joylar va ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan, saylovga chorlovchi ijtimoiy reklamalar, bannerlar va bilbordlardan keng foydalaniladi. Ayni paytda vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va “Huquqiy axborot” telegram kanali orqali “Saylov alifbosi” rukni tashkil etilib, saylovga oid tushunchalar izohining sodda, lo‘nda va tushunarli tarzda muntazam berib borilishi ham samaralidir.

454 nafar adliya xodimi mazkur yo‘nalishdagi ishlarga safarbar etilgan. Aholi o‘rtasida saylov qonunchiligini targ‘ib qilish “Respublika-viloyat-tuman-mahalla-xonadon” tamoyili asosida tashkil etilgani tufayli olti mingdan ortiq targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekiston. Yangi saylovlar” mavzuida ko‘plab matbuot anjumanlari, uchrashuvlar va seminarlar o‘tkazilmoqda. Ular barcha hududlarni qamrab olgan. Bu boradagi ishlar saylov kunigacha izchil davom ettiriladi.

Markaziy saylov komissiyasi
matbuot xizmati