Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining (MDH) Ijroiya qo‘mitasi uzoq muddatli kuzatuvchilar missiyasi o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan MDH Ijroiya qo‘mitasi kuzatuvchilari missiyasi 2019-yilning 22-dekabrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatib boradi.
Markaziy saylov komissiyasida Kuzatuvchilar missiyasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov ekspertlarga joriy yil bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari “Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar” shiori ostida tashkil etilayotganligini, xususan, saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi haqidagi nazariy bilimlari va amaliy tajribasini oshirish, saylov jarayoniga zamonaviy AKTni joriy etish, saylov qonunchiligini targ‘ib qilish oyligini tashkil qilish va o‘tkazish, siyosiy tadbirlarda yoshlarning faolligini, xotin-qizlarning saylovlardagi rolini kuchaytirish, imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Aytilganidek, kodeksga muvofiq Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun 150 ta hududiy saylov okrugi, 10260 ta saylov uchastkasi tuzildi. Barcha amaliy ishlar zamirida saylovlarni tenglik prinsipi asosida, shaffof o‘tkazish maqsadi yotadi. Joriy yil saylovlarda 20 million 500 ming nafardan ziyod fuqaroning ovoz berishda qatnashishi kutilmoqda. Muloqot davomida shu kabi ko‘plab misollar keltirildi.
Uchrashuv davomida ta’kidlanganidek, MDH kuzatuvchilari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida missiyaning shtabi ish boshlaydi va kuzatuvlarni tashkil etish bilan bog‘liq barcha tadbirlarni o‘tkazadi. Missiya shtabi vazifalariga saylov jarayoni borishi haqida materiallarni to‘plash, ularga ishlov berish va tahlil qilish, saylov qonunchiligini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va televizion dasturlar hamda bosma OAVda chiqayotgan saylovga oid materiallarni monitoring qilish kiradi.
Shu o‘rinda xalqaro kuzatuvchilar faoliyatiga oid hujjatlarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak eng avvalo “Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi”, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt va boshqa bir qator xalqaro hujjatlarni kiritish mumkin. Shuningdek, xalqaro kuzatuvchilarning maqomi va vakolatini belgilash yuzasidan tavsiyalar Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan 2005-yilda qabul qilingan Saylovlar ustidan xalqaro kuzatish prinsiplari deklaratsiyasida berilgan. Unga muvofiq, xalqaro kuzatuv saylov o‘tkazilayotgan mamlakat aholisining manfaatlarini, shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat manfaatlarini ko‘zlagan holda amalga oshiriladi.
Kuzatuv saylov jarayoniga qaratilgan bo‘lib, ovoz berish natijalariga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin emas. Bundan tashqari, kuzatuvchilar, ularni qabul qilgan tegishli mamlakat qonunlarini va saylov jarayonini boshqarish uchun mas’ul bo‘lgan idoralarni hurmat qilishlari kerakligi xalqaro hujjatda aniq belgilab qo‘yilgan.
2002 yil Kishinyov shahrida MDHga a’zo bo‘lgan davlatlarda Demokratik saylov, saylov huquqlari va erkinliklari standartlari to‘g‘risidagi Konvensiya qabul qilingan. Ushbu hujjat saylov sohasidagi kuzatuv va xalqaro hamkorlikni ta’minlash uchun xalqaro huquqiy hujjat hisoblanadi. Aytish lozimki, saylovlarda xalqaro kuzatuvga oid qoidalarning bevosita milliy qonunchilikda aks ettirilganligi, O‘zbekistonda saylov tizimining ochiq, oshkora va demokratik tamoyillarga to‘la mos kelishini yaqqol ko‘rsatadi.
Ta’kidlash lozimki, yurtimizda o‘tkaziladigan saylovlarda dunyoning turli mamlakatlaridan kuzatuvchilarning kelib ishtirok etishi, saylovlarni sifat jihatdan yuqori bosqichga ko‘tarishda, saylov jarayonining ochiq va oshkoraligi, fuqarolarning saylash va saylanish huquqidan teng va erkin foydalanishlari uchun O‘zbekistonda yaratilgan sharoitlar haqida butun dunyo hamjamiyatini xolis xabardor etishda ijobiy samara beradi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmat