10-dekabr kuni videokonferens aloqa shaklida Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida Buyuk Britaniyada ochilgan saylov uchastkalari faoliyatini tashkil etish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazishga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi M.Abdusalomov xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylovga oid huquqlarini to‘liq ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.
MSKning qaroriga binoan, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida 55 ta saylov uchastkalari tashkil etilgan va ular Toshkent shahrida tuzilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi 12 ta saylov okruglariga biriktirilgan. Xorijdagi uchastka saylov komissiyalariga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida tashkiliy-uslubiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Mamlakatimizning London shahridagi elchixonasi bilan o‘rnatilgan bevosita videokonferens aloqa orqali O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi Favqulodda va muxtor elchisi Said Rustamovning axboroti tinglandi.
Takidlanishicha, London shahrida ochilgan va Toshkentdagi 140-Darxon saylov okrugiga biriktirligan 26-saylov uchastkasi faoliyati amaldagi saylov qonunchiligiga binoan tashkil etilgan. Said Rustamov hozir vatandoshlarimiz mazkur elchixonaning rasmiy veb-saytidan saylov qonunchiligidagi yangiliklar, ovoz berish manzili va kuni, vaqti hamda boshqa ko‘plab axborotlarni olishlari mumkinligini ma’lum qildi.
Majlisda mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni kuzatishda xorijiy kuzatuvchilarning ishtiroki saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashning muhim chora-tadbirlaridan biri eakanligi alohida qayd etib o‘tildi.
Markaziy saylov komissiyasi shu yilning 20 sentyabr kuni saylov kampaniyasini e’lon qilgach, xalqaro tashkilotlarga, bir qator xorijiy mamlakatlarga saylovni kuzatishda ishtirok etish uchun taklifnoma yubordi. Bu bilan yurtimizda saylov jarayonining ochiq va oshkoraligini, O‘zbekistonning xalqaro hujjatlar doirasida olgan majburiyatlariga mas’ulligini hamda umume’tirof etilgan demokratik tamoyillarga sodiqligini namoyish qildi. Bugungi kunga qadar, MSK tomonidan 168 nafar xalqaro kuzatuvchilar akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
«O‘zbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar to‘g‘risida» gi Nizomga muvofiq Tashqi ishlar vazirligi tomonidan navbatdagi taqdimnomada Shanxay hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilar missiyasining a’zolarining hujjatlarini taqdim qilindi.
Komissiya a’zolari tomonidan bir ovozdan Shanxay hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilar missiyasining 18 nafar a’zosini xalqaro kuzatuvchi sifatida ro‘yxatga olish bo‘yicha qaror tasdiqlandi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasini yoritish yuzasidan mamlakatimiz va chet el jurnalistlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonlari davom etmoqda.
Majlisda «Uzlife» nodavlat axborot agentligi, Xindistoning «Outlook» jurnali, Indoneziyaning «Metro TV» telekanali, Malayziyaning «TV Alhijrah» Malayziya davlat telekanali, Qatarning «Al-Jazira» telekanali jurnalistlari akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Komissiya a’zolari saylovlarni yoritishda ishtirok etuvchi navbatdagi 12 nafar mahalliy va xorijiy jurnalistni akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Hozirgi kunga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari soni 267 taga va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari soni esa 125 nafarga yetdi.
Majlisda saylov jarayonida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar tomonidan saylovoldi tashviqoti saylov qonunchiligi doirasida olib borilayotganligi, nomzodlar tomonidan saylovchilar bilan 22 mingga yaqin uchrashuv o‘tkazilganligi, OAV, Internet messenjerlar, veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda partiya va nomzodlarning saylovoldi tashviqotiga oid 25 mingdan ortiq materiallar chop etilganligi va efirga berilganligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda olib borilayotgan monitoring natijalari, shuningdek, «Call center» (Ishonch telefoni) kelib tushayotgan murojaatlar shuni ko‘rsatmoqdaki, siyosiy partiyalar va nomzodlar tomonidan olib borilayotgan saylovoldi tashviqoti ishlari hali barcha saylovchilarni ham to‘la qamrab olayotgani yo‘q. Aholi barcha deputatlikka nomzodlar, ularning dasturiy yo‘nalishlari to‘g‘risida yetarlicha ma’lumotga ega emas. Xususan, Toshkent shahrining barcha ko‘chalari, mahallalari va boshqa aholi gavjum joylarida ham saylovlarga oid ko‘rgazmali tashviqot vositalarini uchratish qiyin.
Bularning barchasi nomzodlar ko‘rgazmali targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirib, aholi bilan bevosita uchrashuvlarni ko‘paytirishlari zarurligini ko‘rsatmoqda. Bundan avvalo siyosiy partiyalar va nomzodlar manfaatdordir. Saylovoldi tashviqoti eng qizg‘in pallasiga kirib, yana 11 kundan so‘ng bu jarayon tugaydi.
Tadbirda shuningdek, poytaxtimiz ko‘chalarida saylov haqidagi bannerlar juda kam ko‘rinayotgani, ayniqsa, partiyalar va nomzodlar haqidagi bannerlar umuman ko‘zga tashlanmayotgani qayd etib o‘tildi. Majlis so‘ngida Markaziy saylov komissiyasi a’zolariga poytaxt ko‘chalaridagi saylovoldi tashviqotiga bag‘ishlangan banner va plakatlar statistikasini o‘rganish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan topshiriqlar berildi.
Markaziy saylov komissiyasining
Matbuot xizmati