• eye Maxsus imkoniyatlar
Saylov masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Oliy sudi va Bosh prokuraturasiga kelib tushgan murojaatlar to‘g‘risida MA’LUMOT
15.12.2019
1581
Ayni vaqtlarda yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha keng ko‘lamda tayyorgarlik ishlari ketmoqda.

Ayni vaqtlarda yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha keng ko‘lamda tayyorgarlik ishlari ketmoqda.

Bu jarayonlarda hech bir holat e’tibordan chetda qolmayapti.
Shu qatorda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari ham qonun talablari doirasida o‘rganib chiqilmoqda.

Jumladan, joriy yilning 20 sentyabridan 10 dekabriga qadar saylov masalalariga oid jami 365 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning
242 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali yuborilgan. Murojaatlarning 338 tasi Markaziy saylov komissiyasiga, 3 tasi Oliy sudga va 24 tasi Bosh prokuraturaga tegishlidir.

Murojaatlarning barchasini vakolatli idoralar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi ta’minlanmoqda.

Xususan, Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlarning 15 tasi asosli deb topilib, murojaat etgan fuqarolar foydasiga ijobiy hal etildi. 145 ta murojaat muallifiga qonun hujjatlariga muvofiq huquqiy tushuntirishlar berildi. Ushbu murojaatlarning 12 tasi dublikat, ya’ni ayni bir jismoniy yoki yuridik shaxs murojaatining ko‘chirma nusxasi bo‘lib, bir vaqtning o‘zida ham Prezident virtual qabulxonasiga, ham Markaziy saylov komissiyasiga yuborilgani bois umumlashtirilgan holda o‘rganib chiqildi va murojaat mualliflariga javob xatlari yuborildi.

Ushbu murojaatlar natijasi bo‘yicha takroriy murojaatlar kelib tushmaganligi, murojaatlar mualliflari o‘rganish natijasidan qoniqish hosil qilgan degan xulosaga kelsa bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 25-moddasiga muvofiq 83 ta murojaat taalluqliligi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga yuborildi. Qolgan murojaatlar esa ayni vaqtda o‘rganish jarayonida.

Bundan tashqari, saylov masalalariga oid murojaatlar sud tartibida ham ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga
3 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ulardan 1 ta arizani qanoatlantirish
rad etilgan, 1 tasi murojaatchi shikoyatidan voz kechganligi sababli ish sud ajrimi bilan tugatilgan, 1 ta murojaat hozirda ko‘rib chiqilmoqda.

Ta’kidlash joizki, rad etilgan ariza bo‘yicha murojaat muallifi sudning ushbu qaroridan noroziligini bildirmagan, yuqori instansiya sudiga shikoyat qilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan 24 ta murojaatning 2 tasi ijobiy hal qilingan, 1 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan, 1 ta murojaat tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotga yuborilgan hamda 1 ta murojaat arizachining tashabbusi bilan ko‘rib chiqish jarayonidan to‘xtatilgan. Qolgan barcha murojaatlar ayni vaqtda o‘rganib chiqilmoqda.

Shu bilan birga, OAVlarda e’lon qilinayotgan saylov masalalariga oid maqolalarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, “Daryo.uz” saytida fuqarolar D.Saidova va Ch.Mirzayevlarning partiyadan o‘z nomzodini ko‘rsatish yuzasidan qilgan murojaatlari e’tiborsiz qoldirilganligi to‘g‘risida maqola e’lon qilindi. Ushbu maqolaga prokuratura organlari munosabat bildirib, o‘rganish o‘tkazgan. Natijada fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklanib, aybdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

O‘z navbatida, qilingan umumiy murojaatlarni mazmun jihatidan tahlil qilinsa, murojaatlarning aksariyati saylov jarayonlariga bog‘liq bo‘lmagan hamda asossiz masalalardan iborat ekanligi aniqlandi.

Jumladan, murojaatlarning 32 tasida fuqarolar yig‘inlaridagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy yordam berish so‘ralgan, 36 ta murojaatda turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, ya’ni yo‘llarni asfalt qilish, ko‘priklar, maktab va shifoxonalarni ta’mirlash hamda yangisini qurish kabi masalalar ko‘tarilgan.

Vaholanki, qayd etilgan masalalar Markaziy saylov komissiyasi vakolatiga kirmaydi.

Shunday bo‘lsada, fuqarolarning ijtimoiy hayotidagi muammolar hal etilmasligi, ushbu masalalar e’tiborsiz qolishi aholining kayfiyatiga salbiy ta’sir qilishi e’tiborga olinib, barcha murojaatlar nazoratga olingan holda tegishliligi bo‘yicha boshqa davlat tashkilotlarga yuborildi.
Shu orqali ularda aks etgan muammolarni hal etishga ahamiyat berildi.

Bundan tashqari, noqonuniy talablar aks etgan murojaatlar ham kelib tushmoqda. Xususan, Markaziy saylov komissiyasi vakolati doirasiga kirmaydigan, qonunga zid bo‘lgan masalalarni ko‘rib chiqish so‘ralgan. Jumladan, 75 ta murojaatda murojaat mualliflari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod kiritilishi yuzasidan siyosiy partiyalarga tegishli topshiriqlar berishni, 35 ta murojaatda esa tergov
va sud jarayonlariga aralashish so‘ralgan.

Mazkur murojaatlar ham tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, ularning mualliflariga qonun hujjatlari talablari tushuntirilgan javob xatlari yuborilmoqda.

Yuqoridagi qayd etilganlardan respublikamizda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari o‘z vaqtida o‘rganilib, qonun talablari doirasida hal etilayotganini ko‘rishimiz mumkin.