Mamlakatimizda o‘tadigan parlament sayloviga MDH Parlamentlararo Assambleyasi kuzatuvchi missiyasi rahbari sifatida tashrif buyurgan Assambleya Bosh Kotibi – Kengash kotibiyati rahbari D.Kobiskiy O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
– O‘zbekistonda 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Ovoz berish jarayoni ertaga kunduzi soat 8:00, saylov uchastkalari ochilishi bilan boshlanadi. MDH Parlamentlararo Assambleyasi ushbu jarayonni kuzatib boradi.
Saylovlar yangilanayotgan O‘zbekiston tarixida ilk bor yangi mezonlar asosida o‘tmoqda. Shu bois Assambleya a’zolarida ushbu voqelikka fuqarolar faol ishtirok etadi, degan ishonch bor. Shunday ekan, aholining fuqarolik pozisiyasini namoyish etishi, saylash bo‘yicha qonuniy huquqlari ta’minlanishi muhim ahamiyatga ega.
Faoliyatimiz faqat O‘zbekiston viloyatlaridagi saylovlarni o‘rganish bilan cheklanib qolmaydi. Ayni paytda mamlakatingizning xorijdagi elchixonalari qoshida va qator hududlarda ham saylov uchastkalari tashkil etilgan. Xususan, MDH Parlamentlararo Assambleyasining kuzatuvchi missiyasi Rossiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Moldova davlatlarida O‘zbekiston fuqarolari uchun o‘tkaziladigan ovoz berish bilan bog‘liq jarayonni ham kuzatib boradi.
Delegasiyamiz saylov uchastkalarida bo‘lib, siyosiy jarayon yakunlari bo‘yicha ovoz berish jarayonining tashkil etilishi yuzasidan o‘z xulosalarini berishadi.
A.MUSAYeV, O.MIRSOATOV (surat), O‘zA