O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020 yil 26 avgustdagi 1033-sonli qaroridan kelib chiqqan holda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga bag‘ishlangan onlayn seminar o‘tkazildi.
Seminarda viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari, okrug va uchastka saylov komissiya raislari va a’zolari, shuningdek, aloqador tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Unda saylovlarni Saylov kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020 yil 26 avgustdagi 1033-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda belgilangan me’yorlarga muvofiq, shuningdek, karantin qoidalariga qat’iy amal qilgan holda o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, saylovchilar va saylov tashkilotchilarini himoya vositalari bilan ta’minlash, ularni kasallik yuqtirib olishini oldini olishga qaratilgan hamda saylov qonunchiligi bo‘yicha muhim vazifalar ham muhokama qilindi.
Hozirga qadar Xalq deputatlari viloyat Kengashida 3 nafar, shahar va tuman Kengashlari bo‘yicha 9 nafar deputatlik o‘rinlari turli sabablarga ko‘ra bo‘shagan. Bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlariga saylov 45 ta saylov uchastkasida joriy yilning 18 oktyabr kuni o‘tkaziladi.
Saylov kuni o‘z turar joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan va saylov uchatkasiga kela olmaydigan saylovchilar uchun 13 oktyabrdan muddatidan oldin ovoz berish boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, saylovni tayinlash haqidagi qaror qabul qilinishidan avval 12 ta saylov okrugi hududining epidemiologik xaritasi ishlab chiqilib, maxsus komissiyaning xulosasi olingan. Epidemiologik holat haqidagi xulosaga ko‘ra saylovni o‘tkazish maqsadga muvofiq emas deb topilsa, saylovni o‘tkazish muddatini belgilash epidemiologik osoyishtalik yuzaga kelgandan so‘ng ko‘rib chiqiladi.