2020 yil 11 oktyabrda Tojikistonda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Tojikiston saylov qonunchiligiga ko‘ra, Prezident yashirin ovoz berish yo‘li bilan 7 yilga saylanadi. Saylovchilar ro‘yxatiga kiritilganlarning 50 foizdan ortig‘i ovoz berish jarayonlarida ishtirok etsa, saylov natijalari haqiqiy deb topiladi.
Prezidentlikka nomzodlar MSKga o‘z nomzodlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 210,000 imzolarini (saylovchilar umumiy sonining 5 foizidan ko‘prog‘i) topshiradilar. Prezident lavozimiga nomzod kamida 30 yoshga to‘lgan, davlat tilini yaxshi biladigan, kamida so‘nggi 10 yil davomida Tojikiston hududida doimiy yashagan Tojikiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi mumkin. Agar saylovlarda Prezidentlikka nomzodga saylovchilarning yarmidan ko‘pi ovoz bergan bo‘lsa, u saylangan deb hisoblanadi. Prezident saylovini o‘tkazish tartibi konstitusiyaviy qonun bilan belgilangan.
Quyida partiyalarning ilgari surayotgan nomzodlari bilan tanishishingiz mumkin.
-Tojikiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod - Tojikistonning amaldagi Prezidenti Emomali Rahmon
-Tojikiston Agrar partiyasidan nomzod - Rustam Latifzoda
-Tojikiston Demokratik partiyasidan nomzod - Saidjafar Usmonzoda
-Tojikiston Sosialistik partiyasidan nomzod - Abduhalim Gʻafforov
-Tojikiston Iqtisodiy islohotlar partiyasidan nomzod - Rustam Rahmatzoda
-Tojikiston Kommunistik partiyadan nomzod- Meroj Abdulloyev.
Tojikistonda saylovchilarning umumiy soni 4 mln 900 ming 545 taga teng bo‘lib, ular 68 ta saylov okruglarida joylashgan saylov uchastkalarida munosib nomzodlarga ovoz beradilar.
Saylov jarayonlarini xalqaro kuzatuvchi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi boshchiligidagi delegasiya ham kuzatib borishadi.