Markaziy saylov komissiyasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘shab qolgan o‘rinlarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosi saylovini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2020 yil 9 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining bo‘shab qolgan o‘rinlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosi saylovi bo‘yicha qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Qo‘shma majlisda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenges raisi Murat Kamalov va Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Maxmud Istamovlar so‘zga chiqdilar.
Qayd etilganidek, hozirgi kunda koronavirus pandemiyasi butun dunyoda minglab insonlarning hayotdan bevaqt ko‘z yumushlariga sabab bo‘lmoqda. Xususan, mamlakatimizda ham ushbu kassalik tufayli ko‘plab yurtdoshlarmizning ham vafot etishlari, ayniqsa ular orasida hurmatli senatorlarimiz Musa Yerniyazov hamda Sharap Usnatdinovlarning ham borligi barchamiz uchun achinarli holat hisoblanadi. Lekin hayot davom etishi, shu sharoitga moslashib yashash va ishlash zarurligidan kelib chiqib bugungi kundagi vaziyat bo‘shab qolgan o‘rinlarga Senat a’zolari saylovini o‘tkazishni taqozo etmoqda.
Saylov kodeksining 87-moddasiga muvofiq bo‘shab qolgan o‘rinlarga Senat a’zolari saylovi tegishli qo‘shma majlislarda Saylov kodeksi talablariga rioya etilgan holda o‘tkaziladi. Shuningdek, Saylov kodeksi bilan belgilangan tartibga asosan Qo‘shma majlisni Markaziy saylov komissiyasi a’zosi ochishi belgilangan.
Saylov kodeksiga asosan viloyat, tuman va shaharlar mahalliy Kengashlarining qo‘shma majlisi agar unda deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi. Senatga saylov mahalliy Kengashlar deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
Mahalliy Kengashning saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan deputat Senat a’zoligiga saylanish uchun nomzod bo‘lishi mumkin. Qo‘shma majlisning ishini olib borish uchun ochiq ovoz berish orqali uch kishidan besh kishigacha miqdorda ishchi hay’at saylanadi, shuningdek, tushgan takliflarni hisobga olish va qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirish uchun uch kishidan iborat Kotibiyat tuziladi.
Senat a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish qo‘shma majlisda amalga oshiriladi.Senat a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish uchun raislik qiluvchining taqdimnomasiga binoan ochiq ovoz berish orqali oddiy ko‘pchilik ovoz bilan Maslahat kengashi saylanadi. Maslahat kengashi katta tajribaga ega bo‘lgan eng obro‘li, katta yoshli deputatlar orasidan, qoida tariqasida, har bir mahalliy Kengashdan bittadan vakil saylanadi. Maslahat kengashi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li deputatlar orasidan Senat a’zoligiga nomzodlarni ko‘rsatadi hamda saylov byulleteniga kiritish uchun taklif kiritadi.
Nomzodlarning alohida-alohida eshituvi va muhokamasi natijalariga ko‘ra qo‘shma majlisda ularni saylov byulleteniga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Yashirin ovoz berishni o‘tkazish va uning natijalarini aniqlash uchun qo‘shma majlisda ishtirok etayotgan deputatlar orasidan to‘qqiz nafargacha a’zodan, shu jumladan komissiya raisi va kotibidan iborat tarkibda Sanoq komissiyasi saylanadi. Sanoq komissiyasi Senat a’zoligiga saylov bo‘yicha ovoz berishni tashkil etadi va o‘tkazadi. Yashirin ovoz berish natijalari bo‘yicha bayonnoma tuziladi.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan Senat a’zoligiga nomzodlar, basharti qo‘shma majlisda hozir bo‘lgan mahalliy Kengashlar deputatlarining ellik foizidan ko‘prog‘i ularni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, saylangan deb hisoblanadi.
Saylov kodeksining 78-moddasiga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi a’zosi qo‘shma majlisni ochib berdi va eng obro‘li, tajribali, katta yoshli deputatlar orasidan majlisga raislik qiluvchi to‘g‘risida taklif kiritildi.
Yig‘ilishda Senat a’zoligiga bo‘ladigan saylov bo‘yicha deputatlarga zaruriy tushunchalar berildi. Shundan so‘ng yashirin ovoz berish yo‘li bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosini saylash bo‘yicha saylov o‘tkazildi. Saylovchilarning ovozi bilan 45-«Shumanay» saylov okrugidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Qoraqalpog‘iston kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi U.Jalmenov va 63-«Qorako‘l» saylov okrugidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari etib saylandi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati