Qozog‘iston Prezidenti Kasыm-Jomart Tokayev respublika parlamentining quyi palatasi - Majlisga navbatdagi saylovlarni 2021 yil 10 yanvarda o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
"Bugun men parlament deputatlari saylovi muddatini belgilash to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdim. Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan barcha darajadagi maslihatlar (kengashlar) deputatlarining saylovlari tayinlandi. Bo‘lajak saylovlar konstitusiyada belgilangan muddatlarda, 2021 yil 10 yanvarda bo‘lib o‘tadi", - deyiladi J.K.Tokayevning ommaviy axborot vositalarida chop etilgan rasmiy bayonotida.
Farmonga binoan partiyalar ro‘yxati bo‘yicha saylanadigan Majlis deputatlari saylovi 10 yanvarga, Qozog‘iston xalqi Assambleyasi tomonidan saylanadigan navbatdagi deputatlar saylovi 11 yanvarga belgilangan.
Prezident Tokayevning so‘zlariga ko‘ra, barcha siyosiy partiyalar bo‘lajak saylov kampaniyasida ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rish, saylovoldi platformasini ishlab chiqish hamda partiya infratuzilmasini yaxshilash uchun yetarlicha vaqtga ega bo‘lishdi.
"Markaziy saylov komissiyasi va Bosh prokuratura saylovlarning qonuniyligi, oshkoraligi va adolatli o‘tishi ustidan doimiy ravishda kuzatib boradi", dedi Prezident.
Respublika hukumati, Nur-Sulton, Olmaota, Chimkent shaharlari va viloyatlarning hokimlariga saylovni tashkiliy, moddiy-texnik va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish topshirilgan.
Qozog‘iston Parlamenti Majlisiga so‘nggi saylovlar 2016 yil mart oyida bo‘lib o‘tgan. Majlis deputatlarining vakolat muddati besh yil.
Ma’lumot uchun, Senat 49 deputatdan iborat. Senatning o‘n besh nafar deputati Senat tarkibida jamiyatning milliy, madaniy va boshqa muhim manfaatlari vakilligini ta’minlash zarurligini hisobga olgan holda davlat rahbari tomonidan tayinlanadi. Senatning yana 34 nafar deputatini har bir viloyatdan, Nur-Sulton, Olmaota va Chimkent shaharlaridan 2 nafardan saylashadi. Saylangan Senat a’zolarining yarmi har uch yilda qayta saylanadi. Senat deputatlarini saylash bilvosita saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali amalga oshiriladi. O‘ttiz yoshga to‘lgan, oliy ma’lumotga va kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan, tegishli viloyat, respublika ahamiyatidagi shahar yoki poytaxt hududida kamida uch yil doimiy yashagan shaxs Senat deputati bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Majlis deputatlari 107 nafardan iborat bo‘lib, ularning 98 nafari proporsional saylov tizimi bo‘yicha partiyaviy ro‘yxatlar asosida, 9 nafari esa Qozog‘iston Xalq Assambleyasi tomonidan saylanadi. Yigirma besh yoshga to‘lgan shaxs Majlis deputati bo‘lishi mumkin.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati