Birlashgan Millatlar Tashkiloti yer yuzida tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan eng nufuzli xalqaro tuzilmadir. BMT a’zosi bo‘lgan har bir davlat xalqaro munosabatlarning asosiy tamoyillari aks etgan, xalqaro shartnomalardan iborat BMT Nizomidagi majburiyatlarga rioya qiladi.
Ushbu Nizomda Tashkilotning to‘rtta asosiy vazifasi, ya’ni xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashish, millatlar o‘rtasida do‘stona aloqalarni rivojlantirish, xalqaro muammolarni hal etish va inson huquqlarini hurmat qilishni rag‘batlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va ushbu umumiy maqsadlarga erishishda millatlarning sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish belgilab qo‘yilgan.
BMT butunjahon hukumati emas, ya’ni qonunlar qabul qilmaydi. Biroq, xalqaro mojarolarni bartaraf etish va yer yuzi aholisi uchun daxldor masalalarni hal etish siyosatini ishlab chiqishga yordam bera oladigan mablag‘ga ega. BMTga katta-kichik, boy-kambag‘al, turli siyosiy qarash va tuzumga ega davlatlar a’zo bo‘lib, ularning barchasi ovoz berish va ovoz berishda ishtirok etish huquqiga ega.
BMT tarkibida 6 ta bosh organ mavjud bo‘lib, beshtasi – Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va ijtimoiy Kengash, Vasiylik Kengashi va Kotibiyat Nyu-Yorkdagi markaziy qarorgohda, Xalqaro sud esa Niderlandiyaning Gaaga shahrida faoliyat yuritadi.
O‘zbekiston 1992 yil 2 martda BMTga a’zo bo‘lgan. Shu kundan e’tiboran BMT bosh qarorgohi peshtoqida davlatimiz bayrog‘i hilpiray boshladi. 1993 yil 24 oktyabrda Toshkentda BMTning vakolatxonasi ochildi. BMTda ham O‘zbekiston Respublikasining doimiy vakolatxonasi ish boshladi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda BMTning o‘ndan ortiq dasturlari, jamg‘armalari va agentliklari, jumladan, BMT Taraqqiyot dasturi (BMT TD), Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA), Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNESKO), Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dasturi, Gender tengligi hamda ayollar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha tuzilmasi, Markaziy Osiyoda Preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti kabi ixtisoslashgan muassasalari faoliyat olib bormoqda.
Tashkilot faoliyatiga, shuningdek, mamlakatda vakolatxonalari bo‘lmagan agentliklar, jumladan, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Sanoatni rivojlantirish tashkiloti, Atrof-muhitni muhofaza qilish dasturi va Yevropa iqtisodiy komissiyasi ko‘mak bermoqda. Jahon banki ham mustaqil ixtisoslashgan muassasa sifatida BMTning O‘zbekistondagi faoliyatiga muhim hissa qo‘shib kelmoqda.
Turli yillarda O‘zbekistonga BMT Bosh kotiblari Kofi Annan, Pan Gi Mun, 2017 yilda hozirgi Bosh kotib Antoniu Guterrish tashrif buyurgan.
Mamlakatimiz BMTning teng huquqli a’zosi sifatida nufuzli xalqaro tashkilotning maqsad va qoidalariga qat’iy amal qilib keladi. Shu bilan birga, o‘z ovozi va mavqeiga ega davlat sifatida BMT faoliyatiga daxldor o‘ta muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari surmoqda.
O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligi so‘nggi 4 yilda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida, joriy yil 23 sentyabrda videokonferensiya shaklida tashkil etilgan 75-yubiley sessiyasida nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqlarida jahon hamjamiyati e’tiborini sayyoramiz aholisi uchun o‘ta muhim masalalarga qaratdi, bu borada qator dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi. Eng asosiysi, mamlakatimiz bildirgan takliflar hayotiy va aniqligi, olib borilayotgan sa’y-harakatlar esa amaliy va izchil ekanligi bilan jahon ommasi e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
Masalan, Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida aholini ijtimoiy himoya qilish, inson huquqlarini ta’minlash, bola mehnatidan foydalanmaslik, davlat organlarining xalqqa xizmat qilishi lozimligi xususidagi fikrlarini bayon etdi. Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston muammosiga alohida to‘xtalib, afg‘on xalqi turmush tarzini yuksaltirish, ushbu mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishga ko‘maklashishga doim tayyor ekanini ta’kidladi, shu masalada AQSHni hamkorlikka chaqirdi.
Davlatimiz rahbari sessiyada Markaziy Osiyodagi eng og‘riqli muammolardan biri – Orol fojiasini yumshatish va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalarini ko‘targani alohida e’tiborga loyiq.
O‘sha sessiyada O‘zbekiston Prezidenti BMT minbaridan turib, ayni davrda insoniyat tarixidagi eng ko‘p yoshlar bilan yashayotganimizni inobatga olgan holda ilgari surgan yirik tashabbusi – Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT konvensiyasini qabul qilish taklifi bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev bunga asos qilib, bugungi kunda yoshlar soni ikki milliarddan oshgani, xalqaro terrorizm va esktremizm shiddat bilan o‘sib borayotgan bir paytda ularga himoya zarurligini muhim omillar sifatida ko‘rsatdi.
O‘zbekiston Prezidentining mazkur nutqi mavjud muammolarga mamlakat, mintaqa va global darajada ahamiyat qaratilib, ularning yechimiga pragmatik yondashilgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu tashabbuslar xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlanib, 2018 yil 22 iyunda BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”, 2018 yil 12 dekabrda “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli maxsus rezolyusiyalari qabul qilindi.
Shuningdek, 2017 yil noyabr oyida BMT shafeligida Samarqandda “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik”, 2018 yil 27 martda Toshkentda “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyalar tashkil etildi.
BMT agentliklari “Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik Trast fondini tashkil qilish orqali Orol fojiasidan zarar ko‘rgan aholining turmush sharoiti salohiyatini mustahkamlash” qo‘shma dasturi ishga tushirildi.
Umuman, O‘zbekiston tashabbuslari BMT darajasida faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Mamlakatimizga BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari, diniy e’tiqod bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi tashriflari beqiyos ahamiyatga ega bo‘ldi. 2018 yil noyabrda Samarqand shahrida BMT tashkil etilganidan so‘ng 70 yil davomida Osiyo mintaqasida birinchi marta Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasi hujjati sifatida tarqatilgan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand deklarasiyasi qabul qilindi. Joriy yilga belgilangan “Samarqand forumi” pandemiya sabab videokonferensiya shaklida tashkil etildi.
Bosh Assambleyaning 72-sessiyasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbusni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi loyihasi ayni paytda BMTga a’zo davlatlar, manfaatdor tuzilmalar tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda. Bularning bari O‘zbekiston Tashkilot doirasida muhim xalqaro tashabbuslar ijodkoriga aylanib borayotganidan dalolat.
Qolaversa, o‘tgan qisqa davr mobaynida mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, majburiy mehnatni bartaraf etish kabi umuminsoniy qadriyatlarga xizmat qiluvchi masalalarda ulkan natijalarga erishildi. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar BMT tamoyillari bilan uyg‘un, yondosh xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikda olib borilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida so‘zlagan nutqi ham butun dunyo jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Prezidentimiz bu galgi nutqida inson huquqlari, xotin-qizlar, ayniqsa, dunyo yoshlari huquqlarini ta’minlash, mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yo‘laklariga integrasiyasini chuqurlashtirish kabi o‘ta muhim masalalarga alohida e’tibor qaratdi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish, Global iqlim o‘zgarishi va Orol muammosi, qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashish kabi dolzarb masalalar yuzasidan aniq takliflarini bildirdi, bu borada BMTni hamkorlikka chaqirdi.
Albatta, O‘zbekiston va BMT hamkorligi izchil davom etadi. O‘zbekiston Tashkilotni zamonaviy talablar asosida isloh qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Yangi tashabbuslar va qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsadida O‘zbekiston tomonidan BMT bilan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” amalga oshirilmoqda. Ushbu hujjatdagi vazifalar to‘liq ro‘yobga chiqarilishi mamlakatimizning BMT bilan munosabatlarini yanada yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Gʻayrat XONNAZAROV, O‘zA