• eye Maxsus imkoniyatlar
Milliy saylov tizimiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish ko‘lami tobora kengaymoqda
27.10.2020
2120
Markaziy saylov komissiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 oktyabrdagi “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha tashkilotlar va idoralararo ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 oktyabrdagi “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha tashkilotlar va idoralararo ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish, Ichki ishlar, Mahalla va oilani qo‘llab-quvatlash vazirliklari, shuningdek,  Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi vakillari ishtirok etgan tadbir Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi (SJBAT) va Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatini (SYAER) takomillashtirish masalalariga bag‘ishlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi M.Abdusalomov boshqargan yig‘ilishda  saylovlarni ochiq-oshkora, demokratik tamoyillar asosida o‘tkazishda saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng va samarali joriy etish muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bu borada izchil va tizimli ishlar olib borilayotir. Jumladan, 2019 yili mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan  saylovlarda saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati joriy etildi va muvaffaqiyatli qo‘llandi. Mazkur yangilikka saylov huquqi bo‘yicha yetakchi mutaxassislar, jumladan, xalqaro tashkilotlar ekspertlari tomonidan yuqori baholandi. Chunki mazkur tizimning xalqaro andazalardagi “bir saylovchi — bir ovoz” tamoyilini amalga oshirishdagi o‘rni beqiyosdir.

“Saylov—2019” mobil ilovasining ishga tushirilishi ham ana shunday muhim yangilik sifatida saylovlar jarayonida millionlab saylovchilar, saylov tashkilotchilari, ekspertlar, kuzatuvchilar, nomzodlar, partiyalar faollarining og‘irini yengil qildi. Ilovaga saylov bo‘yicha barcha normativ-huquqiy hujjatlar, barcha  darajadagi saylov komissiyalarining tarkibi, manzili, telefon raqamlariga oid ma’lumotlar, saylov ishtirokchilariga mo‘ljallangan o‘quv materiallari, eslatma va uslubiy tavsiyalar, elektron kutubxona hamda savollarga javoblar o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida joylandi.

Ayni paytda saylov kuni mamlakatimizning turli hududlaridagi oltmishta saylov uchastkasiga tajriba-sinov sifatida o‘rnatilgan 120 videokamera saylovchilarning ovoz berish jarayonini Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matubot markaziga va internet orqali onlayn rejimida butun dunyoga namoyish qilib turdi. Yigirmata saylov uchastkasiga ovoz berish chog‘ida fuqarolarning shaxsini aniqlash uchun  biometrik hujjatlarni «o‘qiydigan» oltmishta elektron qurilmadan tajriba-sinov tariqasida foydalanildi. 

Prezidentimizning 2018 yil 4 oktyabrdagi “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan milliy saylov tizimida  amalga oshirilayotgan bunday o‘zgarishlar ko‘lami va salmog‘i  istiqbolda yanada oshiriladi.

Saylov uchastkalarini zarur qurilmalar va uzluksiz Internet tarmog‘i bilan ta’minlash, saylov uchastkalari joylashadigan bino va inshootlarga oid ma’lumotlarning elektron ro‘yxatini va dislokasiyasini shakllantirish, saylov jarayonini boshqarish axborot tizimida axborot xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq muhim ishlar shular jumlasidandir. Bu tegishli vazirlik va idoralarning saylov jarayoniga doir idoraviy axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini o‘zaro integrasiyalash, real vaqt rejimida yangilab borish, O‘zbekiston Respublikasining xorijda doimiy yoki vaqtincha yashovchi fuqarolarini chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari huzurida tashkil etiladigan saylov uchastkalarining saylovchilarning yagona ro‘yxatiga qo‘shish borasidagi ishlar ko‘lamini yanada kengatirishni taqozo qiladi.

Tadbirda ishchi guruhi a’zolariga  bu borada belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash bo‘yicha  aniq topshiriqlar berildi.  

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati