• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasi 2019 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlar haqidagi yakuniy va tahliliy Axborotni e’lon qildi
28.10.2020
3087
Mamlakatimiz tarixida ilk bor parlament va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida bo‘lib o‘tdi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha jarayonlar qonunchilikda belgilangan muddatlarda, erkin va ochiq, saylov sohasidagi milliy qonunchilikka, xususan 2019 yilda qabul qilingan Yangi Saylov Kodeksiga muvofiq tarzda o‘tkazildi.

Mamlakatimiz tarixida ilk bor parlament va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida bo‘lib o‘tdi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha jarayonlar qonunchilikda belgilangan muddatlarda, erkin va ochiq, saylov sohasidagi milliy qonunchilikka, xususan 2019 yilda qabul qilingan Yangi Saylov Kodeksiga muvofiq tarzda o‘tkazildi.

Saylovlar O‘zbekiston xalqining xohish-irodasini ifoda etdi hamda uning natijasida qonun chiqaruvchi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tarkibi davriylik prinsipi asosida yangilanishi ta’minlandi.

Xususan, bo‘lib o‘tgan saylovlar xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlardan kelgan 800 nafardan ziyod xalqaro kuzatuvchilarning ko‘pchiligi tomonidan ijobiy baholandi.

Shu o‘rinda aytish joizki, saylovlarni tashkil etishda qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham ko‘zga tashlandi. Kelgusida ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va saylov jarayonini yanada demokratlashtirish, milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini  yanada takomillashtirish talab etiladi.

Shundan kelib chiqqan holda, Markaziy saylov komissiyasi ilk bor saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish borasidagi o‘z faoliyatini tanqidiy nuqtai nazardan o‘rgangan holda tahliliy axborotini, mavjud muammolar hamda ularning yechimlari bo‘yicha takliflarni keng jamoatchilikka e’lon qilmoqda.

O‘tkazilgan tahlillar asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan “Saylov – 2019: yutuqlar, muammolar, takliflar”  nomli risola ishlab chiqildi. Mazkur risola joriy yilning 28 oktyabr  kuni Markaziy saylov komissiyasining onlayn tarzida bo‘lib o‘tgan majlisida ko‘rib chiqildi. Unda Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati va komissiya a’zolari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi majlisida  ta’kidlanganidek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan  mamlakatimizning 14 ta hududida saylov komissiyalari a’zolari, ekspertlar va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazilib,  bo‘lib o‘tgan saylovlar davomida erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar chuqur tahlil qilingan.

Shuningdek, saylovlarda ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar vakillari, ko‘p sonli kuzatuvchilar, davlat va jamoat tashkilotlaridan kelib tushgan, ommaviy axborot vositalarida ko‘tarilgan ko‘plab dolzarb masalalar o‘rganib chiqilgan va tahlil etilgan.

Risola 5 ta bo‘lim, 24 ta bobdan iborat bo‘lib, unda 2019 yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy vakillik organlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish, o‘tkazish va natijalarini e’lon qilish bilan bog‘liq bosqichlar batafsil tahlil qilingan. Shu bilan birga risolada erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yuzasidan ishlab chiqilgan tavsiyalar o‘rin olgan.

Risolada shuningdek, mazkur saylov jarayonlarida ilk marotaba sinov shaklida qo‘llanilgan yangi tajriba va saylovchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar ham o‘z aksini topdi. Jumladan, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati (SYAER) umummamlakat miqyosida qo‘llanildi. Mazkur ro‘yxatga saylov huquqiga ega 20,5 milliondan ziyod fuqaroga doir ma’lumotlar kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi MSKning rasmiy veb-sayti orqali saylovchilar o‘zlariga tegishli ma’lumotlar bilan tanishtirildi.  Xorijda istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlar uchun ovoz berish imkoniyati yaratilib, TIVning rasmiy veb-saytida  mamlakat fuqarolarini saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida elektron shaklda murojaat qilish imkonini beruvchi interaktiv xizmat yo‘lga qo‘yildi. 

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlarni yoritib borish maqsadida Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazi hamda uning hududlarda filiallari tashkil etildi. Yuzdan ortiq brifing va matbuot anjumanlari, seminar va davra suhbatlari o‘tkazildi, Markaziy saylov komissiyasining 20 ga yaqin videoselektor yig‘ilishi tashkil etildi. Siyosiy partiyalar va nomzodlarga saylovoldi tashviqotini o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi, ular o‘rtasida 26 ta teledebat to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.

Risolada bu va boshqa yana bir qator saylov jarayonlariga oid yangiliklar keltirilgan bo‘lib, ular mavjud muammo va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar bilan boyitildi.

Shuningdek, saylovchilar ro‘yxatini tuzish, ovoz berish jarayonini tashkil etish, ovoz berish natijalarini aniqlash va e’lon qilish, saylov komissiyalari a’zolarining bilim va malakalarini oshirish, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq ko‘plab tavsiyalar ham o‘rin olgan.

Mazkur risola o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan. Markaziy saylov komissiyasi keng jamoatchilikning, shu jumladan soha mutaxassislari, olimlar, ekspertlar hamda xalqaro kuzatuvchilarning taklif va tavsiyalari asosida saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish bo‘yicha izchil ishlarni amalga oshirmoqda.

Markaziy saylov komissiyasining
Matbuot xizmati