2020 yilning 31 oktyabr kuni Gruziyaning yangi parlamentiga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Gruziyada birinchi marta saylovlar yangi aralash tizim asosida o‘tkazildi, unga ko‘ra 120 ta deputat proporsional, 30 nafari esa majoritar tizimga ko‘ra saylanadi. Saylovlarda 48 ta partiya va ikkita blok ishtirok etdi, bundan tashqari bir mandatli saylov okruglarida 11 ta tashabbuskor guruh tomonidan nomzodlar ko‘rsatilgan.
Saylov uchastkalarining umumiy soni 3657 taga teng bo‘ldi. Shuningdek, 38 ta davlatda 52 ta saylov uchastkasi tashkil etildi. Mamlakat bo‘ylab ovoz berish shanba kuni soat 08:00 da boshlandi va 20:00 gacha davom etdi.
Gruziya Markaziy saylov komissiyasi (MSK) barcha saylov uchastkalaridagi ovoz berish natijalarini e’lon qildi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, 9 partiya 1 foizli chegaradan o‘tib, parlamentdan o‘rin egalladi: “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” (48,24%), “Birlashgan milliy harakat” (27,16%), “Evropacha Gruziya” (3,79%), “Agmashenebeli strategiyasi” (3,15%), “Lelo” (3,15%), “Vatanparvarlar alyansi” (3,14%), “Girchi” (2,89%), “Fuqarolar” (1,33%), “Leyboristlar partiyasi” (1%). Bir mandatli 30 ta okrugning 14 tasida “Gruziya orzusi” partiyasi nomzodlari g‘alaba qozongan bo‘lsa, qolgan 16 ta o‘rin uchun qayta ovoz berish o‘tkaziladi.
Gruziyadagi parlament saylovlarini 132 ta mahalliy saylovlarni kuzatish tashkilotlaridan 47 mingga yaqin va 5 ta xorijiy mamlakatning saylov organlari, 20 ta diplomatik missiya va 23 ta xalqaro tashkilot vakillaridan iborat 910 nafar xalqaro kuzatuvchi, shuningdek va 118 dan ortiq OAV kuzatib bordi.
Jumladan, mazkur saylovlarni kuzatishda Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari M. Istamov boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiyasi a’zolari ham bevosita ishtirok etdi. Tashrif davomida delegasiya a’zolarining Gruziya MSK raisi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida Gruziya MSK raisi Tamar Jvaniya Gruziya saylov tizimi va undagi yangiliklar, saylovlarga tayyorgarlik yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berib o‘tdi.
O‘zbekiston delegasiyasi Gruziyadagi saylovlar milliy qonunchilik va xalqaro saylov standartlariga muvofiq ravishda ochiq, oshkora o‘tkazilgani, shuningdek koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan tegishli profilaktika tadbirlari amalga oshirilib, ovoz berish jarayonining xavfsizligi ta’minlanganini ta’kidladi.