Saylov byulletenining shakli, o‘lchamlari va matnida aks ettiriladigan ma’lumotlarning hajmi va tartibi O‘zR MSK qarori bilan belgilandi. Byudjet mablag‘larini tejash maqsadida saylov byulletenlarini chop etishda ilk bor suv belgisi mavjud qog‘ozlardan foydalanishdan voz kechildi.
O‘zR MSK tomonidan jami 20 699 552 ta, shu jumladan O‘zbekiston hududidagi USKlar uchun 18 993 417 ta va xorijdagi USKlar uchun 1 706 135 ta saylov byulletenlari chop etildi. Saylov byulletenlari USKlarga 2019 yil 9 dekabrga qadar saylov uchastkasidagi saylovchilar umumiy sonining 5 foizi miqdorida, 2019 yil 19 dekabrga qadar qolgan 95,5 foizi yetkazib berildi.
Saylov kodeksiga muvofiq saylov byulletenlari davlat tilida, shuningdek okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan tegishli okrug aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda nashr etilishi belgilangan . Shunga ko‘ra, saylov byulletenlari O‘zbekistondagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida chop etildi (o‘zbek tilida 91,5%, rus tilida 6%, qoraqalpoq tilida 2,5 %).
Saylovchilar tomonidan ovoz berish jarayonida, shuningdek USK a’zolari tomonidan ovozlarni sanash jarayonida saylov byulletenlarining bir-biridan ajratib olish qiyin bo‘ldi. Saylov byulletenida nomzodlar haqidagi ma’lumotlarning ko‘pligi bois, matnlar kichik shriftda aks ettirildi, ayniqsa tuman, shahar kengashlariga saylov bo‘yicha (A5 formatda) byulletenlar ayrim saylov okruglaridagi saylovchilar tomonidan e’tirozlarga sabab bo‘ldi.
Saylov kodeksiga binoan USKlar saylov byulletenlarini ovoz berish kuniga kamida uch kun qolganida oladi. USK oladigan saylov byulletenlarining soni uchastka bo‘yicha ro‘yxatlarga kiritilgan saylovchilar soniga nisbatan yarim foizdan ortiqroq bo‘lishi mumkin emas. Shu bilan birga, saylovchilarning ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritish saylovga uch kun qolganida to‘xtatilishi haqida qoida o‘rnatilgan.
Migrasiya darajasi yuqori bo‘lgan paytda mazkur talabga rioya qilgan holda har bir saylovchining saylovda qatnashishga oid konstitusiyaviy huquqini ro‘yobga chiqarish qiyinlashdi. Hattoki, ayrim saylov uchastkalarini saylov byulletenlari bilan yetarli miqdorda o‘z vaqtida ta’minlamaslik xavfi yuzaga keldi. Saylov komissiyalari tomonidan ko‘rilgan shoshilinch choralar tufayli barcha USKlar o‘z vaqtida zarur miqdordagi saylov byulletenlari bilan to‘liq ta’minlandi.
Shundan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasi uch darajali saylov bo‘yicha saylov byulletenlarini ajratgan holda uch xil rangda tayyorlash, barcha vakillik organlari uchun mo‘ljallangan saylov byulletenlarining hajmini A-4 (297x208 mm) o‘lchamida tayyorlash hamda unda aks ettiriladigan nomzodlar haqidagi ma’lumotlarni qisqartirish va saylovchilarning ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritish muddatini qayta ko‘rib chiqib, uning saylovga besh kun qolganida to‘xtatilishini belgilashni taklif etmoqda.