Siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishda ayollarning soni nomzodlar umumiy sonining kamida 30 foizini tashkil etishi kerak.
Nomzodlar ko‘rsatish jarayonida siyosiy partiyalar tomonidan mazkur talabga rioya qilindi. Xususan, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar orasida ayollar 41,6%ni (744 nafardan 310 nafarni) tashkil etdi.
Saylov yakunlariga ko‘ra, parlamentning quyi palatasiga 48 nafar ayol deputat etib saylandi (deputatlar umumiy sonining 32%), yuqori palatasi (Senat)dan esa 24 nafar ayol (24%) o‘rin oldi.
Hozirgi paytda Oliy Majlisning har ikkala palatasi a’zolarining 29,1 % ini ayollar tashkil etadi (248 parlament a’zosidan 72 nafari). Ushbu raqam dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan 4,9% yuqoridir (2019 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, turli davlatlardagi milliy parlament a’zolari orasida ayollar ulushi 0%dan 61,3 % gacha bo‘lgan, o‘rtacha ko‘rsatkich 24,2 %ni tashkil etgan).
Shuningdek, QR Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga yangi saylangan deputatlarning 247 nafari (30%), tuman va shahar kengashlarida – 1 422 nafari (25%) ayollardir.
Shuningdek, Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi OSKlarning tarkibida ayollar 743 nafar (46,1%)ni, USKlarning tarkibida 54 361 nafar (49,0%)ni tashkil etdi.
SYAERga kiritilgan saylovchilarning yarmidan ko‘pini (10 mln. 355 ming nafar) ayollar tashkil etdi. Shu nuqtai nazardan, saylov jarayonida ayollarning huquqiy madaniyati va saylov faolligini oshirish zarurati paydo bo‘ldi.
Shu maqsadda 2019 yilning mart oyida O‘zR MSK va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida xotin-qizlarning saylovlarda ishtirok etish bo‘yicha konstitusiyaviy huquqini amalga oshirishni ta’minlashga qaratilgan kelishuv imzolangan.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda 2019 yil noyabr oyida “Parlament va mahalliy saylovlarda ayollarning ishtirokini oshirish strategiyalari” mavzusida o‘quv seminarlari tashkil etildi.
Markaziy saylov komissiyasi YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda tayyorlangan ayollarning elektoral faolligini oshirishga qaratilgan bosma va audiovizual tashviqot materiallari mahallalarda, aholining o‘qish va ish joylarida keng tarqatildi, televideniye, temir yo‘l va havo transportida, shahar yo‘lovchi transporti va bekatlarda namoyish etildi.
Markaziy saylov komissiyasi saylovoldi tashviqoti davrida siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari uchun ajratilgan bepul efir vaqti doirasida ayollar (nomzodlar, ishonchli vakillar, partiya namoyondalari) uchun alohida kvotani joriy etishni taklif etmoqda.