Joriy yilning 12 noyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda 2019 yil bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalarini onlayn muhokama qilish hamda milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilashga qaratilgan tadbir o‘tkazildi.
Zoom platformasida tashkil etilgan tadbirni MSK raisi M.Abdusalomov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska ochib berdi.
Muhokamalarda Adliya vazirligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston nogironlar jamiyati vakillari hamda saylov bo‘yicha BMT TDning siyosiy partiyalarni moliyalashtirish, NNT va OAV sohasidagi maslahatchilari, hududiy saylov komissiyalari kotiblari, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdilar.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov, Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov tomonidan ta’kidlaganidek, 2019 yilning 22 dekabr kuni O‘zbekiston parlamenti va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida bo‘lib o‘tgan saylovlar avvalgilaridan tubdan farq qildi. Xalqaro kuzatuvchilar o‘z xulosalarida ushbu saylovlar xalqaro standartlar va O‘zbekiston saylov qonunchiligi asosida yuqori saviyada tashkil etilganligi va o‘tkazilganligini qayd etdilar.
Markaziy saylov komissiyasi ilk bor saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish borasidagi o‘z faoliyatini tanqidiy nuqtai nazardan o‘rgangan holda tahliliy axborotini, mavjud muammolar hamda ularning yechimlari bo‘yicha takliflarni keng jamoatchilikka e’lon qildi. O‘tkazilgan tahlillar asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan “Saylov – 2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” nomli risola ishlab chiqildi. Tadbir davomida risolaning taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirishga doir qator takliflar va tavsiyalarini bildirdilar. BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska o‘z nutqida o‘tgan saylovlarning islohotlar va yangi Saylov kodeksiga asosan o‘tkazilganligi xalqaro kuzatuvchilar missiya vakillari tomonidan alohida e’tirof etilib, ularning ko‘pchiligi saylov islohotlarini davom ettirish kerakligini qayd etganliklarini ta’kidladi.
BMT Taraqqiyot dasturining NNT sohasi bo‘yicha maslahatchisi Gevin Vayz 2019 yilda bo‘lgan saylovlar xalqaro standartlar va qator xalqaro hujjatlarda belgilangan me’yorlarga muvofiq o‘tganligini, saylovda kuzatuvchilar soni ortganligini, milliy kuzatuvchilar instituti rivojlanib borayotganligini bildirdi.
BMT TDning siyosiy partiyalarni moliyalashtirish sohasi bo‘yicha maslahatchisi Barbara Stounstrit siyosiy moliyalashtirish qoidalariga to‘xtalib, uning asosiy tushunchalari, saylovlarga xususiy sektor mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajriba, saylovlarda mablag‘larning harajati va shaffofligi, saylov harajatlari yuzasidan hisobdorlik va unga amal qilish ustidan nazoratni tashkil qilish bo‘yicha xalqaro standartlar haqida so‘z yuritdi.
Xalqaro ekspertlardan Ivan Gadarskiy o‘z ma’ruzasida saylovlarda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng sharoitlar yaratish-erkin vaqt va maydon ajratilishining muhim roli haqida fikrlarini bildirdi. 2019 yilda bo‘lib o‘tgan Parlament saylovlarini yoritishda OAV vakillarining ishtiroki va so‘z erkinligi borasidagi harakatlari o‘tgan galgi saylovlardan keskin farq qilganligiga ijobiy baho berib o‘tdi.
Tadbir qatnashchilari o‘z ma’ruzalarida saylov komissiyalarini tuzishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengayganligi, saylovlarda fuqarolik jamiyati o‘rni yuksalib borayotganligi, NNT ishtirokini yanada rivojlantirish zarurligi haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.
Jumladan, nogironligi bo‘lgan saylovchilarga keng imkoniyatlar yaratilganligi, xususan, ovoz berish binolariga to‘siqsiz kirib borishi uchun sharoitlar, maxsus kabinalar, Brayl alifbosida saylov byulletenlari, televideniyada surdo tarjimalar yo‘lga qo‘yilganligi ta’kidlandi. Saylovlar yangi fikrlar va yangi qiyofalarni kashf etganligi, saylovchilarning siyosiy huquqlarini amalga oshirilishi orqali O‘zbekistonda yangi siyosiy muhit yuzaga kelganligi qayd etildi.
Ommaviy axborot vositalarining saylovlardagi rolini oshirish maqsadida OAV va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozimligi, saylovlarda OAVning ishtiroki haqida saylov komissiya a’zolari va jurnalistlarga saylov qonunchiligi bo‘yicha tizimli o‘quvlar tashkil etilishi saylovlarni adolatli, shaffof va qonunchilikda belgilanganidek demokratik tarzda o‘tkazilishiga yordam berishi haqida qimmatli fikrlar bildirildi.
Ushbu takliflar kelgusida zamonaviy tendensiyalarni inobatga olgan holda milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada demokratlashtirish, saylov tizimini xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribaga muvofiq rivojlantirishga xizmat qiladi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati