Davlat idoralarida faoliyat ko‘rsatayotgan shaxslarni ishdan tashqari vaqtda xavaskor futbol o‘yinlariga jalb etish albatta har bir xodimni quvontiradi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xafta davomida o‘tkazilayotgan bunday uchrashuvlar o‘z navbatida xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, turli kasb kasalliklaridan muxofaza qilish va sportning jismoniy tarbiya hamda ommaviy turlariga qiziqishini kuchaytirishga zamin yaratadi.
Futbol o‘yinlari ko‘proq erkak xodimlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan bo‘lsa, ayol xodimlar uchun mashg‘ulot zallarida shug‘ullanish uchun imkoniyatlar yaratildi. Xar xafta davomida bunday mashg‘ulotlarda ishtirok etish xotin-qizlarni har tomonlama sog‘lom va jismonan baquvvat bo‘lishlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda aytish joiz, jismoniy mashqlar tufayli yurak, buyrak, o‘pka va tomirlar kuchga to‘ladi. Shunday qilib tomirlardagi yog‘ nisbati, xolesterin, shakar va insulin pasayadi. O‘zimizni kuchli his etamiz, asab tizimi sog‘lom bo‘ladi.
Har bir inson nafaqat sog‘lom turmush tarzi balki rasional ovqatlanish tamoillariga amal qilsa qator og‘ir kasalliklarning oldini olishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, inson salomatligi va uzoq umr ko‘rishi 10 foiz hollarda tibbiyotga, 20 foiz hollarda uning nasliga, 20 foiz hollarda tashqi ta’sirlarga (ekologik, iqtisodiy va boshqalar), 50 foiz hollarda esa, uning hayot tarzi va odatlariga (jismoniy faollik, chekish, spirtli ichimliklrni suiste’mol qilish, ortiqcha tana vazni va boshqalar) shu jumladan ovqatlanish tartibiga bog‘liq.
Inson organizmiga ta’sir etuvchi minglab omillar ichida ovqatlanish ayniqsa, o‘z vaqtida va me’yorida, zarur bo‘lganda esa parxezbop taomlar iste’mol qilish muhim ahamiyatga ega. Tibbiy nuqtai nazardan iste’mol qilinadigan taomlar organizmni o‘z – o‘zini tiklash va yo‘qotilgan energiyaga bo‘lgan talabni qondirishi, tarkibida zarur darajada oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, vitaminlar, mikro – makro elementlar, o‘simlik tolalari saqlashi lozim.