Shu yil 11 noyabr kuni Parlament tadqiqotlar xalqaro markazi tomonidan “Onlayn ovoz berish: tajriba va kelajak” mavzusida vebinar o‘tkazildi.
Koronavirus pandemiyasi nafaqat jahon iqtisodiyotiga, balki mamlakatlardagi siyosiy jarayonlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi, demokratiyaning tamal toshi hisoblanuvchi saylovlar esa pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rdi.
Ko‘plab mamlakatlar bunga javoban, har bir fuqaroning ovoz berish huquqini himoya qilish va salomatligini saqlashni muvozanatda ushlab turish maqsadida, o‘zlarining saylov qonunchiligini qayta ko‘rib chiqish va yangi texnologiyalarni qo‘llash zaruratiga duch kelmoqda.
COVID-19 pandemiyasidan so‘ng butun dunyo bo‘yicha saylovlarni boshqaruvchi organlar saylovlar o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan strategik rejalashtirish va qarorlar qabul qilishi tizimini qayta ko‘rib chiqishlari lozim bo‘lmoqda.
Ushbu vebinar davomida ma’ruzachilar Pandemiya inqirozi yuzaga kelgan holatlarda onlayn tizimlarni boshqarish, ya’ni, elektron ro‘yxatdan o‘tish, elektron ovoz berish va onlayn ovoz berish tizimlaridan saylovlarni o‘tkazishda qanday foydalanish mumkinligi haqida so‘z yuritdilar.
Ushbu texnologiyalar jamoat salomatligi va fuqarolarning demokratik huquqlarini ta’minlashga nechog‘liq xizmat qilishi mumkinligi, uning samaradorligi alohida qayd qilindi.
Xalqaro miqyosda saylovlar davomida saylovchilar va saylov organlari xodimlari bugungi kunda global pandemiya xavfi, tabiiy ofatlar, saylovchilarga tizimli ravishda bosim o‘tkazilishi, saylov jarayoniga ishonch yo‘qolib borayotganligi, turli noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalishi natijasida saylovlar jarayonlari murakkablashuviga duch kelmoqda.
Dunyo bo‘ylab saylov komissiyalarining ko‘plab xodimlari uchun bu holatlar ovoz berish jarayonini barqarorligini ta’minlaydigan va xatolik xavfidan o‘zlarini himoya qiladigan yechimlarni izlashda o‘z saylov tizimlarini qayta ko‘rib chiqishga undaydi. Bu esa birinchi navbatda saylov komissiyalariga bo‘lgan hurmatni saqlab qolish bilan chambarchars bog‘liq.
Shuni alohida qayd etish lozimki, ko‘plab mutaxassis va ekspertlarning fikriga va xalqaro standartlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, saylov jarayonida ovoz berishning demokratik huquqi kuchaytirilishi kerak, lekin, pandemiya sharoitida, tabbiy ofat yuz bergan vaqtda esa saylovchilarning xavfsizligini saqlash asosiy vazifa bo‘lmog‘i lozim.
Albatta koronavirus pandemiyasi saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishni takomillashtirish va o‘z vaqtida zamonaviy choralarni ko‘rishni talab qilmoqda. Bunda saylov jarayonini raqamlashtirish va axborotlashtirish bo‘yicha xorijiy tajribani hisobga olgan holda, yangi texnologiyalar va ishlanmalardan foydalanish, muammolarni novatorlik yechimlar orqali hal qilish ahamiyatlidir.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Parlamentlar tadqiqoti xalqaro markazi tomonidan ushbu muammolarni hal qilish usullarini topishga qaratilgan onlayn va masofadan ovoz berish mavzusida, saylov jarayonlariga manfaatdor taraflar tarmog‘i orqali mzkur virtual davra suhbati o‘tkazildi.
Ushbu virtual munozara davomida texnologiyalarni rivojlanish jarayonlari, internet ovoz berishning yutuq va kamchiliklari, shuningdek, saylovlarning barqarorligini mustahkamlash va saylovchilarning ishtirokini kengaytirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati