Ma’lumki saylovlarda zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalarini qo‘llash saylovchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish bilan birgalikda, saylov komissiyalari ishini ham osonlashtiradi. Bu borada Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati (SYAER) va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini (SJBAT) yanada takomillashtirish orqali fuqarolarning doimiy va vaqtinchalik yashash joylari, hududlar, ko‘chalar, uylar va xonadonlarning nomlari hamda raqamlarini elektron shaklda aniq-ravshan belgilanishini taqozo etadi.
Shundan kelib chiqqan holda joriy yilning 27 noyabr kuni saylov jarayonlarida AKT sohasidan samarali foydalanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro ekspert ishtirokida 3 kunlik onlayn muhokamalar o‘z ishini boshladi.
Muhokamalar davomida saylovchilar yagona elektron ro‘yxatining ma’lumotlar bazasi, saylov jarayonida biometrik ma’lumotlarni joriy etish imkoniyatlari (“ID-card”), SJBAT tizimini xalqaro tajribaga muvofiq takomillashtirish, saylovchilar ro‘yxatining ishonchliligini ta’minlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar va ularni kamaytirish strategiyasini aniqlash kabi masalalar ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, vazirlik va idora vakillari uchun SYAER va SJBATda ma’lumotlarni shakllantirish hamda ularni takomillashtirishga oid bo‘lgan tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Onlayn tadbirlarda Markaziy saylov komissiyasi, BMTning Taraqqiyot dasturi xalqaro eksperti Goran Petrov, BMT TD loyihasi koordinatori Georgiy Baratashvili shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat personallashtirish markazi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mudofaa vazirligi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda “UNICON.UZ” DUK vakillari ishtirok etadilar.
Muhokamalarning birinchi kunida MSK Raisi o‘rinbosari M.Istamov so‘zga chiqib, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini yanada takomillashtirish va bu borada BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikni kuchaytirish kelgusida bo‘lib o‘tadigan saylovlarni xalqaro andozalar darajasida o‘tishiga xizmat qilishini qayd etib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, saylovchilar yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish uchun ko‘rilgan xatlov choralari natijasida Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish borasida tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruh bilan birgalikda 2018 yilning noyabr oyidan 2019 yilning apreliga qadar uyma-uy yurib 33,0 milliondan ziyod fuqaro xatlovi o‘tkazildi. Fuqarolarning pasport ma’lumotlari 7,0 millionga yaqin ko‘chmas mulk ob’yektining kadastr raqamlariga bog‘lab chiqildi. Natijada 20,5 milliondan ziyod saylovchining yagona elektron ro‘yxati shakllantirildi va avtomatik ravishda saylov uchastkalariga taqsimlandi. Saylov kampaniyasi davrida ham saylovchilar ro‘yxatiga aniqlik kiritish maqsadida takroran uyma-uy yurib fuqarolar xatlovi o‘tkazildi.
BMTning Taraqqiyot dasturi xalqaro eksperti Goran Petrov tadbir davomida SYAER bilan ishlashda Saylovchilar Yagona elektron ro‘yxatini aniq ishlashini ta’minlash, “bir saylovchi-bir ovoz” tamoyilini ro‘yobga chiqarishda uning ahamiyati, saylov kampaniyasi davrida saylovchilar ro‘yxatini tuzishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar, ma’lumotlarni to‘plash, mutasaddi idoralarning roli, SJBAT va SYAERni rivojlantirish bilan bog‘liq loyiha g‘oyalarini ishlab chiqishga oid masalalarga e’tibor qaratdi. Shuningdek, tizim bilan ishlashda tegishli idora va vazirliklar bilan hamkorlikni kuchaytirish ijobiy natijalarni berishini qayd etib o‘tdi.
Shunisi muhimki, ushbu tadbirda o‘rtaga tashlangan g‘oyalar, ishlab chiqilgan tavsiyalar kelgusidagi saylovlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan SJBAT va SYAER bilan bog‘liq muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Markaziy saylov komissiyasi
Axborot xizmati