2021 yil 10 yanvar kuni Qirg‘izistonda navbatdan tashqari prezident saylovlari bo‘lib o‘tadi. Saylov qonunchiligiga ko‘ra, nomzodlar saylovoldi tashviqotini 15 dekabrdan boshlashlari mumkin bo‘ladi.
Hozir saylov kampaniyasining navbatdagi bosqichi - Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzodlarni ko‘rsatish nihoyasiga yetdi. Xabarlarga qaraganda, 3 dekabrning soat 23:59 holatiga ko‘ra, Qirg‘iz Respublikasi Saylov va referendum o‘tkazish bo‘yicha Markaziy komissiyasi 21 nomzoddan imzo varaqalarini qabul qilib olgan.
Muddatidan oldin bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari uchun Qirg‘iz Respublikasi saylovchilarining dastlabki ro‘yxati Davlat ro‘yxatga olish xizmati tomonidan tuzilgan va 10 noyabrdan boshlab “Tizme” portaliga joylashtirilgan.
Saylovchilarning dastlabki ro‘yxatidan, 10-noyabr holatiga ko‘ra, 3 million 544 ming 403 nafar saylovchiga oid ma’lumotlar joy olgan.