COVID-19 bilan kasallangan har beshta bemordan bittasida ruhiy xastalik holatlari aniqlanmoqda – Reuters nashri
Koronavirus xastaligi bilan kasallangan bemorlarning 20 foizida 90 kun ichida psixiatrik kasalliklar aniqlangan. COVID-19 kasalligi bilan davolanib chiqqan bemorlar orasida bezovtalik, ruhiy tushkunlik va uyqusizlik kabi holatlar tadqiqotlar natijasida aniqlanmoqda. Bunday bemorlarda miyaning buzilishi holati sezilarli darajada yuqori ekanligi aytilmoqda.
"Olimlar COVID-19 dan davolanganlarda ruhiy kasalliklarga chalinish xavfi yuqori bo‘lishidan xavotirda edilar va bizning tadqiqotlarimiz ... havotir o‘rinli ekanligini ko‘rsatib turibdi. Dunyo bo‘yicha olimlar va doktorlar pandemiyadan so‘ng yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ruhiy xastaliklarni davolash yo‘llarini izlab topishlari va chora ko‘rishlari kerak", - deydi Britaniyaning Oksford universiteti psixiatriya professori Pol Xarrison.
The Lancet Psychiatry jurnalida chop etilgan tadqiqotda Qo‘shma Shtatlardagi 69 million kishining salomatliklari to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar, shu jumladan COVID-19 ning 62000 dan ortiq holatlari tahlil qilingan. Tadqiqotga ko‘ra koronavirus xastaligi bilan kasallangan bemorlarning 5 tadan 1 nafarida 3 oy ichida bezovtalik, tushkunlik va uyqusizlik holatlari aniqlangan. Tadqiqotchilarning takidlashicha bu ko‘rsatgichlar o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 2 marta ko‘proq. Ilgari mavjud bo‘lgan ruhiy xastalikka chalingan odamlarga nisbatan COVID-19 bilan davolanib ruhiy holati buzilgan bemorlarning soni 65 foizga ko‘proq.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra COVID-19 xastaligining miya va ongga ta’sir qilishi va ko‘plab psixiatrik kasalliklar xavfini oshirishi mumkinligi to‘g‘risidagi tahminlar tobora o‘z tasdig‘ini topmoqda.
"Bu, ehtimol, ushbu pandemiya bilan bog‘liq psixologik stress omillari va kasallikning jismoniy ta’siri bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin", - deydi Maykl Blomfild, London Universitet Psixiatriya kolleji maslahatchisi.
“COVID-19 markaziy asab tizimiga ta’sir qiladi va shu sababli ruhiy buzilishlarni bevosita kuchaytirishi mumkin. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, COVID-19 ruhiy xastaliklarning aynan sababchisi emas, xastalik avvaldan mavjud bo‘lgan ruhiy kasalliklarni kuchaytirmoqda, xolos” , - dedi Maykl Blomfild.