• eye Maxsus imkoniyatlar
COVID-19 pandemiyasi tarqalishi jadallashayotgan Indoneziyada mahalliy saylovlar bo‘lib o‘tdi
11.12.2020
1574
2020 yilning 9 dekabrida Indoneziyada mahalliy saylovlar bo‘lib o‘tdi. Saylovchilar bir vaqtning o‘zida mamlakat bo‘ylab 9 nafar gubernator, 224 tuman va 37 shahar hokimini sayladilar. Saylovchilar ro‘yxatiga 100 milliondan ortiq kishi kiritilib, jami 300 000 ga yaqin saylov uchastkasi tashkil etildi.

2020 yilning 9 dekabrida Indoneziyada mahalliy saylovlar bo‘lib o‘tdi. Saylovchilar bir vaqtning o‘zida mamlakat bo‘ylab 9 nafar gubernator, 224 tuman va 37 shahar hokimini sayladilar. Saylovchilar ro‘yxatiga 100 milliondan ortiq kishi kiritilib, jami 300 000 ga yaqin saylov uchastkasi tashkil etildi.

Mahalliy saylovlar COVID-19 pandemiyasi sharoitida o‘tkazilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinishi Indoneziya jamoatchiligi o‘rtasida  ba’zi baxslarga sabab bo‘ldi. Hozir Indoneziya - Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari orasida koronavirus infeksiyasi eng tez tarqalayotgan davlatlardan biri.  586 000 dan ortiq kasallanish holati va 18 000 dan ziyod o‘lim holati qayd etilgan.

Indoneziya Bosh saylov komissiyasi tomonidan 2019 yilning iyun oyida e’lon qilingan saylov jadvali koronavirus pandemiyasi tufayli mamlakat prezidenti Joko Vidodo qarori bilan o‘zgartirilib, saylovlar 2020 yil 23 sentyabrdan dekabr oyiga qoldirilgan edi. Hukumat sog‘liqni saqlash sohasi ekspertlarining saylovlar sanasini yana bir bor kechiktirish to‘g‘risidagi takliflarini qo‘llab-quvvatlamadi.

Mamlakat bo‘ylab bo‘lib o‘tgan siyosiy jarayon davomida koronavirus infeksiyasining yangi o‘choqlari paydo bo‘lishining oldini olish maqsadida, bir qator choralar ko‘rildi. Har bir saylov uchastkasida ro‘yxatga olingan saylovchilarning soni 500 nafardan oshmasligi,  saylovchilar uchun alohida ovoz berish grafigining belgilanishi, shuningdek barcha uchastkalarda sanitar proseduralar, haroratni o‘lchash, niqob taqish, saylov komissiyalari a’zolaridan koronavirus infeksiyasi yo‘qligi haqidagi test natijasi talab qilinishi kabilar shular jumlasidandir.

Indoneziya Bosh saylov komissiyasi tomonidan saylovlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida epidimiologik vaziyatni hisobga olib, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar saylov organlari vakillari uchun saylovlarni kuzatishning onlayn dasturi tashkil etildi. Mazkur dasturda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi G.Rahimova va Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i B.Ismoilov ishtirok etdi.