Joriy yilning 10 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash hamda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida “O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlarni baholash” mavzusidagi II Xalqaro reytinglar forumi tashkil etildi.
Unda hukumat rasmiylari, xalqaro ekspertlar, olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi. Mazkur Xalqaro forumda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Mahmud Istamov ham o‘z ma’ruzasi bilan qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi 6 yilda O‘zbekistonda 2 marta parlament va 2 marta prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi.
Ayni paytda bu saylovlarda orttirilgan katta amaliy va huquqiy tajriba, shuningdek milliy va xalqaro kuzatuvchilar tomonidan bildirilgan tavsiyalar saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish uchun zamin yaratdi.
Shuningdek, 2019 yilda saylovga oid mavjud beshta qonun va o‘nlab qonunosti hujjatlarini o‘zida jamlagan yaxlit Saylov kodeksining qabul qilinishi saylov amaliyotini yanada yangi sifat bosqichiga ko‘tarishda muhim huquqiy zamin yaratgani alohida qayd etildi.
Iqtisodiy va ijtimoiy, siyosiy va huquqiy yalpi sessiyalarlarga bo‘linib o‘tkazilgan Forumda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning yil yakuni bo‘yicha sarhisobi hamda ushbu yo‘nalishda davlat idoralari, tadbirkorlar, xorijiy ekspertlar, olimlar, tadqiqotchilarning fikr-mulohaza va tavsiyalari muhokama qilindi.
Forumda Moliya vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda” yagona portali ishga tushirilganligi qayd etildi. Mazkur portal O‘zbekistonning ustuvor xalqaro reyting va indekslarda egallayotgan o‘rinlarini qayd etib borish, vazirlik va idoralarga yuklatilgan vazifalarning ijrosini monitoring qilish hamda monitoring natijalari bo‘yicha aholi, xorijiy tashkilotlar va ekspertlar, ilmiy izlanuvchilar kabi foydalanuvchilarga ochiq va shaffof ma’lumotlarni muntazam yetkazib berishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati