Xabaringiz bor, 2019 yilda saylovga oid mavjud beshta qonun va o‘nlab qonunosti hujjatlarini o‘zida jamlagan yaxlit va yagona Saylov kodeksining qabul qilinishi saylov amaliyotini yanada yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun muhim huquqiy zamin yaratdi.
Saylov kodeksining qabul qilinishi bilan, avvalo, saylov qonunchiligi normalarini tizimlashtirish, ya’ni kodekslashtirish orqali bir-biriga o‘xshash normalar bartaraf etildi, ushbu qonunchilik tarmog‘i unifikasiyalashdi.
Endigi navbatda Markaziy saylov komissiyasining vazifalardan biri – bu saylov jarayonining barcha ishtirokchilariga Saylov kodeksida aks etgan har bir qoidaning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri va to‘liq yetkazish hisoblanadi.
Shu maqsadda, joriy yilning 11 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasida O‘zbekiston Respublikasi Caylov kodeksiga sharh yozish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda MSK komissiyasi rahbariyati va a’zolari, O‘zbekiston saylov qonunchiligi bo‘yicha yurtimiz olimlari, saylov huquqi sohasida boy tajribaga ega bo‘lgan malakali mutaxassislar va amaliyotchilar ishtirok etdilar.
Tadbirda Saylov kodeksiga sharh yozish mezonlari hamda muddatlari belgilab olindi.