• eye Maxsus imkoniyatlar
O‘zaro hamkorlik va birdamlikning samarali natijalari
14.12.2020
4069
Joriy yilning 14 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikdagi “2019-2021 yillarda O‘zbekistonda saylov jarayonini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi boshqaruv qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 14 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikdagi “2019-2021 yillarda O‘zbekistonda saylov jarayonini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi boshqaruv qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda MSK raisi M.Abdusalomov, rais o‘rinbosari. M.Istamov, MSK doimiy a’zosi G.Rahimova, BMTning yurtimizdagi doimiy vakili Xelena Freyzer, Shvesiya Qirolligining Favqulodda va muxtor elchisi Ingrid Tersman, Shvesariya Konfederasiyasining O‘zbekistondagi elchisi Olivye Shav, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska va uning o‘rinbosari Doyna Muntyanu hamda BMT TDning boshqa vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad - Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “2019-2021 yillarda O‘zbekistonda saylov jarayonini qo‘llab-quvvatlash” loyihasining bu yilgi sarhisobi hamda kelgusi, 2021 yilgi ish rejasining muhokamasidan iborat bo‘ldi.

Muhokamalarda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda saylov jarayonini har tomonlama takomillashtirishda shubhasiz xalqaro tashkilotlarning tajribasi, ular bilan hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.

Markaziy saylov komissiyasining BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorligi aynan 2019 yildagi parlament saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish - saylov kampaniyasi davrida faollashgan edi.

Aynan shu davrda, hamkorlikda uch yilga mo‘ljallangan saylov qonunchiligini takomillashtirish, saylov ishtirokchilarining salohiyatini oshirish hamda saylovchilarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbirlarni o‘zida mujassam etgan loyiha ishlab chiqildi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, ushbu loyiha ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikning ilk mahsuli bo‘ldi.

Bundan tashqari, Saylov komissiyalari xodimlarining malakasini, shuningdek, saylovchilarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan o‘quv va targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish dolzarb masala edi. Shu maqsadda BMTTD bilan hamkorlikda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda saylov jarayoni ishtirokchilari uchun qator seminar-treninglar o‘tkazildi.

Saylovdan ko‘p o‘tmay, loyiha doirasida mamlakatimizning 14 ta hududida saylov komissiyalari a’zolari, ekspertlar va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazilib, ularning fikrlari, xalqaro kuzatuvchilar tavsiyalari va OAVlarida bayon etilgan axborotlar asosida bo‘lib o‘tgan saylovlar davomida erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar chuqur tahlil qilindi.

Tadbirlar yakunlaridan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasi ilk bor saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish borasidagi o‘z faoliyatini tanqidiy nuqtai nazardan o‘rgangan holda mavjud muammolar hamda ularning yechimlari bo‘yicha takliflarini ishlab chiqdi va “Saylov – 2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” nomli tahliliy axborotini keng jamoatchilikka taqdim etdi.

Majlis yakunida kelgusidagi saylov jarayonlari shaffofligi va inklyuzivligini ta’minlash va uni o‘tkazish bo‘yicha manfaatdor tomonlarning salohiyatini oshirish, saylovchilarning, ayniqsa, ayollar va yoshlarning saylovlarda faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni o‘z ichiga olgan ish rejasi ishlab chiqilganligi qayd etildi.

Ahamiyatlisi mazkur hamkorlik saylov sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, saylov jarayoniga jalb etilgan mutaxassislar bilimini oshirish, shuningdek, saylovchilarning huquq va majburiyatlari haqidagi xabardorligini oshirishiga xizmat qiladi.

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati