• eye Maxsus imkoniyatlar
Senat qo‘mitasida saylovga oid qonun ko‘rib chiqildi
03.02.2021
2605
3 fevral kuni Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining parlament yuqori palatasining o‘n ikkinchi yalpi majlisi oldidan videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisida Senat a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

3 fevral kuni Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining parlament yuqori palatasining o‘n ikkinchi yalpi majlisi oldidan videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisida Senat a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda parlament yuqori palatasining o‘n ikkinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar ko‘rib chiqildi. Xususan,  “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-prosessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, shuningdek, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020 yildagi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda so‘ngi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi hamda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni ochiq, shaffof va mustaqillik prinsiplari asosida o‘tkazishda xalq hokimiyati va siyosiy plyuralizmning huquqiy asoslarini mustahkamlash va saylov tizimini bosqichma-bosqich modernizasiyalash bo‘yicha bir qator amaliy choralar ko‘rildi.

Biroq 2019 yilda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida yuzaga kelgan bir qator kamchilik va muammolarni bartaraf etish, xalqaro tashkilotlarning ayrim maqbul tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementasiya qilish orqali mamlakatimizda ushbu sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mohiyatini xalqaro hamjamiyatga yetkazish zarurati tug‘ildi.

Qonun saylov jarayoniga nisbatan yagona shaffof va samarali yondashuvlarni nazarda tutgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, u bilan bir qator o‘zgartishlar kiritilyapti. 

Jumladan, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilmoqda va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanmoqda. Xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi, chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko‘chma saylov qutilari orqali ovoz berishning huquqiy asoslari yaratilmoqda.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq Prezidentlik saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda mahalliy vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitusiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi. Kiritilayotgan o‘zgartishlar bilan esa saylovlarni oktyabr oyida o‘tkazish taklif qilinmoqda.

Majlisda 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020 yildagi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti ham ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, majlisda senatorlar tomonidan Dasturda belgilangan vazifalarning hududlar kesimida o‘z vaqtida va sifatli bajarilganligi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.

Qo‘mita yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi  a’zosi B.Yunusov, MSK Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi direktorining o‘rinbosari X.Paluaniyazov  ishtirok etdi.