
Markaziy saylov komissiyasining “Buxoro viloyatida bo‘shab qolgan o‘ringa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosi saylovini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 4 fevral kuni Buxoro shahridagi Yoshlar markazi binosida Buxoro viloyati davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining bo‘shab qolgan o‘ringa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosi saylovi bo‘yicha qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Qo‘shma majlisni Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyat rahbari Xudoyor Mamatov kirish so‘zi bilan ochdi va Saylov kodeksining 78-moddasiga muvofiq eng obro‘-e’tiborli, tajribali, yoshi ulug‘ deputatlar orasidan majlisga raislik qiluvchi to‘g‘risida taklif kiritdi.
Qo‘shma majlisda 59-Chandir saylov okrugidan Buxoro viloyati kengashi deputati Sayitquli Oqqiyev, 36-Zandani saylov okrugidan Buxoro viloyati kengashi deputati Sanam Jumayeva, 29-Gʻovshun saylov okrugidan Buxoro viloyati kengashi deputati Abdulla Nazrullayev, 24-Romitan saylov okrugidan Buxoro viloyati kengashi deputati Marhabo Pardayeva so‘zga chiqib, viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar berayotgan samaralar haqida gapirdilar. Amalga oshirilayotgan izchil ishlarda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning munosib hissasi bor. Tashabbuskor, zamonaviy fikrlaydigan va xalq bilan bamaslahat ishlaydigan rahbarlardan.
Yig‘ilishda Senat a’zoligiga bo‘ladigan saylov bo‘yicha deputatlarga zaruriy tushunchalar berildi. Shundan so‘ng yashirin ovoz berish yo‘li bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosini saylash bo‘yicha saylov o‘tkazildi. Buxoro viloyati xokimi, 51-Xalkobod okrugidan Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Botir Komilovich Zaripov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi etib saylandi.