5 fevral kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Komissiya a’zolari hamda xodimlari ishtirok etgan majlis kun tartibidan tashkiliy masalalar o‘rin oldi.
Komissiya a’zolari tomonidan dastavval Mirzo-Ulug‘bek Elchiyevich Abdusalomov O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi Raisi lavozimiga saylangani munosabati bilan uni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Saylov kodeksining 12 va 16-moddalariga binoan M.Abdusalomov Markaziy saylov komissiyasi Raisi lavozimidan ozod etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Zayniddin Maxamatovich Nizamxodjayev Markaziy saylov komissiyasi a’zosi etib saylanganligi hamda uning Xalq deputatlari Qibray tumani Kengashi deputati vakolati muddatidan oldin tugatilganligi munosabati bilan u O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari ro‘yxatidan chiqarildi. Saylov kodeksining 12 va 16-moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Zayniddin Maxamatovich Nizamxodjayev O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi etib saylandi.
Markaziy Saylov komissiyasi Raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan Mahmud Shuhratovich Istamov Buxoro viloyatining prokurori etib tayinlanganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Qo‘chqorov Bahrom To‘lqinovich O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari etib saylandi.
Majlisda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Feruza Farhodovna Eshmatova Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) etib saylanganligi munosabati bilan hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Abduqodir Hamidovich Toshqulov O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri etib tayinlanganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari ro‘yxatidan chiqarildi.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasi vakolatiga doir boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.