2021-yil 16-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizamxodjayev hamda Litva Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Laura Matyoshaytite o‘rtasida videomuloqot tarzidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir kun tartibidan tomonlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish va muzokaralarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining yangi rahbariyati bilan yaqindan tanishuv masalalari o‘rin oldi.\
Z.Nizamxodjayev “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligi va ushbu hujjat bilan qonunchilikka qator o‘zgartirishlar kiritilgani qayd etib o‘tdi.
L.Matyoshaytite xonim mazkur uchrashuv tashkil etilganligi uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi va Z.Nizamxodjayevni O‘zbekiston Respublikasi MSK raisi lavozimiga saylangani bilan tabrikladi. U O‘zbekiston saylov tizimi haqida gapirar ekan, 2019 yilgi parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida shaxsan o‘zi ishtirok etganligi, qabul qilingan Saylov kodeksi asosida o‘tkazilgan saylovlar unda yaxshi taasurot qoldirgani va saylovchilar yagona elektron ro‘yxatning shakllantirilganini yuqori baholadi.
L.Matyoshaytite Litva MSK tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan joriy yilning aprel oyida mahalliy hokimiyat organlari saylovlariga tayyorgarlik borasida ma’lumot berdi.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati