Joriy yilning 12 aprel kuni O‘zbekiston delegasiyasi a’zolari va Qirg‘iz Respublikasi Saylov va referendumlarni o‘tkazish bo‘yicha markaziy komissiyasi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida 2021 yil 11 aprel kuni Qirg‘iz Respublikasida bo‘lib o‘tgan mahalliy kengashlar deputatlari saylovi va Konstitusiyani o‘zgartirish bo‘yicha referendum natijalari haqida so‘z yuritildi.
Qirg‘iz Respublikasi MSK raisining o‘rinbosari A. Bekmatov o‘z so‘zida hozirda hududiy saylov komissiyalari uchastka komissiyalari bayonnomalarini ko‘rib chiqayotganligini ma’lum qildi. Qirg‘iz Respublikasi qonunchiligida belgilangan muddat ichida Markaziy saylov komissiyasi mahalliy kengashlar deputatlarini saylash va referendum o‘tkazish to‘g‘risida tegishli qarorlarni qabul qiladi.
O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B.Qo‘chqorov o‘z so‘zida saylov komissiyalarining yuqori darajadagi tayyorgarligi, saylovlar va referendumning muvaffaqiyatli o‘tganligini alohida qayd etib o‘tdi.
MSK a’zosi O.Qozixonova tomonidan saylovlarda ayollar faol ishtirok etgani va mahalliy kengashlarda ayollar uchun belgilangan 30 foizli kvotani ijobiy baholandi.
O‘zbekiston delegasiyasi vakili S.Qurbonqulov saylov jarayoni ishtirokchilarini xabardor etish bo‘yicha ko‘rilayotgan tadbirlarga yuqori baho berdi.
Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat rivoji va ravnaqi uchun Markaziy saylov komissiyalari o‘rtasida yanada samarali hamkorlik qilish masalalarini ko‘rib chiqdilar.