Saylov kampaniyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlari murakkab va ko‘p bosqichli tadbirlarni qamrab oladi. Saylov kodeksining 36- moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanganligi ularning vakolatlari muddati tugashidan kamida uch oy oldin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Shundan so‘ng, saylov kampaniyasining bir qator asosiy tadbirlari bosqichma-bosqich olib boriladi. Jumladan, saylov okruglari va okrug saylov komissiyalari tuzish, saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan hujjatlar taqdim etish, siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish, saylov uchastkalari va uchastka saylov komissiyalari tuzish, prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish, siyosiy partiya va nomzodlar tomonidan tashviqot olib borish, fuqarolarni saylovchilar ro‘yxati bilan tanishtirish, muddatidan oldin ovoz berish, ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish, saylov natijalarini aniqlash va e’lon qilish.
Saylov kampaniyasi davrida OAV saylovoldi tashviqoti, nomzodlar va siyosiy partiyalar, saylov natijalaridan saylovchilarni keng qamrovda xabardor qilib boradi. Bundan ko‘rinib turibdiki, fuqarolar barcha muhim voqea va yangiliklardan ommaviy axborot vositalari orqali xabardor bo‘ladilar.
Nomzodlar uchun esa televideniye, radio, bosma nashrlar va ijtimoiy tarmoqlar PR kampaniya vazifasini o‘taydi va saylovchilarning qaysi nomzodni qo‘llab-quvvatlashini hal etishda yordam beradi.
Joriy yilda mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayon — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining ommaviy axborot vositalari orqali yoritishni sifatli, tezkor, bugungi kun talablaridan kelib chiqib tashkil etishda Markaziy saylov komissiyasi va siyosiy partiyalar axborot xizmatlarining o‘rni katta.
Shu bois Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tashabbusi bilan Markaziy saylov komissiyasi va siyosiy partiyalar axborot xizmatlari rahbarlari va xodimlari uchun “Axborot xizmati faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy PR yondashuvlar” mavzuida seminar-trening tashkil etildi.
Trenirlar besh kun davomida ishtirokchilarga “Zamonaviy media muhitida krizis kommunikasiyalar va ularni boshqarish”, “Saylovda PR texnologiyalar”, “Ijtimoiy tarmoqlar uchun media matn tayyorlashda onlayn instrumentlardan foydalanish” kabi mavzularda ma’lumotlarni taqdim etadilar.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati