• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasidagi uchrashuv
28.04.2021
2329
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) direktori Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegasiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) direktori Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegasiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida, 28 aprel kuni delegasiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi Zayniddin Nizamxodjayev bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tomonlar 2019 yilgi parlament saylovlari yakunlari bo‘yicha DIIHB tavsiyalarini amalga oshirish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildi.

Yakuniy hisobotda o‘z ifodasini topgan  tavsiyalarni tahlil etish, o‘z vaqtida umumlashtirish, saylov qonunchiligida va amaliyotda qo‘llash, shuningdek milliy qonunchilikka tegishli tavsiyalarni implementasiya qilishni ta’minlash bo‘yicha qator tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar ko‘rilganligi qayd etildi.

Joriy yilning 8 fevralida “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byuroning tavsiyalarini amalga oshirish borasida ko‘rilgan muhim ishlardan biri bo‘ldi. Ushbu hujjat bilan, bir qator qonunlar qatorida, Konstitusiyaga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Yana bir muhim jihat –  DIIHB tavsiyalarini inobatga olgan holda, Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar ham ta’kidlab o‘tildi.

Bu yil mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi.

Bo‘lajak saylovni prinsipial jihatdan yangi siyosiy, huquqiy va tashkiliy darajada o‘tkazish - mamlakatimiz barqaror va izchil rivojlanishini ta’minlashning eng muhim omili. Xalqaro kuzatuvchilar, shu jumladan, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar vakillarining bo‘lajak saylovda ishtiroki saylovning umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar va huquqiy normalarga muvofiq o‘tkazilishga xizmat qiladi.

DIIHB direktori M.Mekachchi saylov sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, O‘zbekistonga saylov jarayonini yanada takomillashtirishda ko‘maklashishga tayyor ekanini ta’kidladi.

 

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati