Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirish – Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rishning muhim bosqichi. Shu jihadan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi o‘z vaqtida qabul qilindi.
Bu bosqichni amalga oshirishga Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalari professor-o‘qituvchilaridan iborat katta salohiyatli guruh yo‘naltirilgani ishning yuksak muvaffaqiyatidan dalolat. Malaka oshirish va tayyorlash ishlarida mamlakatimizning yetakchi huquqshunos ekspertlar faol ishtirok etadi.
Konsepsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining konstitusiyaviy-huquqiy asoslari, saylovni o‘tkazuvchi saylov komissiyalari tizimi, vakolatlari va vazifalari, saylov jarayonida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va mahalliy kuzatuvchilarining ishtiroki, ularning huquq va majburiyatlari, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, saylov kuniga tayyorgarlik ko‘rish, saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish, saylov natijalarini aniqlash va e’lon qilish tartibi kabi mavzularni qamrab olgan.
Ko‘rib turganinimizdek, mavzular va yo‘nalishlar ko‘p. Lekin sohaga yo‘naltirilayotgan ilmiy va pedagogik salohiyati ham shunga yarasha - juda katta.
Seminar-treninglar 15-21 kishilik kichik guruhlarda tashkil etilib, interfaol usullarda, jumladan, ma’ruza, video-dars, saylov jarayonlarini modellashtirish, trening, simulyasiya, bahs-munozara tarzida olib borilishi muvaffaqiyatlarda muhim omil bo‘ladi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshiriladigan bunday tizimli ishlar natijasida, saylov komissiyalari a’zolarining bilim hamda ko‘nikmalarining oshishiga erishiladi.
Alisher ISOQBOYeV,
Markaziy saylov
komissiyasining a’zosi
(Namangan viloyati)