O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiyasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi ishtirokchi-davlatlarining Demokratiyani rivojlantirish, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro institutining 15 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etmoqda.
13 may kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida “Saylovlar jarayonlari texnologiyalari va saylovlar monitoringi” mavzusida xalqaro anjuman boshlandi. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro konferensiyada Hamdo‘stlik davlatlaridan parlamentlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, MDH mamlakatlari saylov organlarining rahbarlari, olimlar va ekspertlar ishtirok etmoqda.
Ikki kun davom etadigan forum doirasida Rossiya Federasiyasi senatorlarining sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi va unda “Saylovlarni xalqaro kuzatish instituti. Saylov jarayonlariga chetdan aralashuvning oldini olish” masalasi ko‘rib chiqiladi. “Fuqarolar va hokimiyat muloqoti” mavzusida xalqaro seminar o‘tkaziladi. Shuningdek, konferensiyaning yalpi majlisi hamda “Elektron ovoz berish: istiqbol va tahdidlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazilishi ham mo‘ljallangan.
Xalqaro konferensiyaning ochilishida MDH Parlamentlararo Assambleyasining Raisi, Rossiya Federasiyasi Federal Yig‘ilishining Raisi V.Matviyenko, MDH Ijroiy qo‘mitasi Raisi – Ijroiy kotibi S.Lebedev, MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashining rahbari - Bosh kotibi D.Kobiskiy, YeXHT Parlament Assambleyasining Bosh kotibi R.Montella, DIIHB direktori M.Mekachchi va boshqalarning anjuman ishtirokchilarga tabriknomalari tinglandi.
Demokratiyani rivojlantirish, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti MDH mamlakatlarida demokratiyani rivojlantirishga ko‘maklashadi. Ushbu tashkilot MDH makonida demokratik institutlarni rivojlantirish va saylov qonunchiligini takomillashtirishga hissa qo‘shib kelmoqda. Institut faoliyati faqat saylovlarni monitoring qilish bilan cheklanmaydi. Chet ellik hamkorlar bilan birgalikda anjumanlar, seminarlar, davra suhbatlari ham o‘tkaziladi. Bunday tadbirlar muhim qarorlar va boshqa hujjatlar hamda saylovlar sohasiga oid ilmiy ishlanmalar ishlab chiqilishiga xizmat qiladi.
Konferensiyaning yalpi majlisida O‘zbekiston delegasiyasining saylovlar sohasida mintaqalararo hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan chiqishi kutilmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati