Bugun, 17 may kuni Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida hududiy trenerlar uchun o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.
Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 27 apreldagi majlisida Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi tasdiqlangan edi. Majlis so‘ngida mazkur konsepsiya ijrosini belgilangan muddatlarda va sifatli ta’minlash maqsadida Markaziy saylov komissiyasi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolangan.
Konsepsiya asosida joriy yilning 28 aprelidan 6 mayigacha Davlat boshqaruvi akademiyasida saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar va saylov jarayoni boshqa tashkilotchilarining malakasini oshirishda mas’ul bo‘lgan respublika trenerlari hamda mas’ul shaxslar uchun seminar-treninglar o‘tkazildi.
Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishda “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga qat’iy amal qilish, saylovchi shaxsan o‘zi ovoz berishining ahamiyatini keng tushuntirish, shuningdek, saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish tartibini atroflicha yoritish kabi muhim masalalar shular jumlasidandir.
Shundan kelib chiqqan holda, Andijon viloyatida bugun boshlangan ikkinchi bosqichda Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olgan 4 nafar respublika treneri viloyatdagi 72 nafar hududiy trener uchun 17-22 may kunlari mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Kelgusida esa tayyorlangan hududiy trenerlar tuman va shaharlarga taqsimlanib, iyun-sentyabr oylarida, Markaziy saylov komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan reja-grafikka binoan, uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga 2796 nafar nomzod uchun seminar-treninglar o‘tkaziladi. Mazkur o‘quvlar tuman (shahar) markazlarida tanlab olingan saylov uchastkalari uchun ajratilgan binolarda 15-21 nafarlik kichik guruhlarda interaktiv usullarda ikki kun mobaynida tashkil etiladi.
Butun mamlakatimiz bo‘ylab boshlangan bunday keng qamrovli seminar-trenerlarning o‘quv mashg‘ulotlariga yuksak samaralar va ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Feruzaxon AHMEDOVA,
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi a’zosi