• eye Maxsus imkoniyatlar
Prezident saylovi: to‘g‘ri ma’lumotni soxta axborotdan qanday ajratish mumkin?
19.05.2021
1606
Saylovlar davrida ommaviy axborot vositalarining faolligi, haqqoniyligi va xolisligi saylovlarni umum e’tirof etilgan xalqaro standartlar, prinsiplar asosida ochiq-oshkora o‘tkazilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Saylovlar davrida ommaviy axborot vositalarining faolligi, haqqoniyligi va xolisligi saylovlarni umum e’tirof etilgan xalqaro standartlar, prinsiplar asosida ochiq-oshkora o‘tkazilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Aynan ularning sa’y-harakati o‘laroq siyosiy partiyalar va nomzodlar saylovchilar bilan tezkor aloqa o‘rnatish, o‘z siyosiy dasturini aholiga yetkazish va saylovoldi tashviqotini muvaffaqiyatli olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ma’lumki, joriy yilda mamlakatimiz hayotida katta siyosiy voqea – Prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalarining huquq va majburiyatlari ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga soluvchi hamda saylovga oid tegishli qonunlar bilan tartibga solinadi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 67-moddasiga muvofiq ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi va senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ommaviy axborot vositalari saylovlarda erkin, hech bir to‘siqsiz ishtirok etadi. O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 8-modasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlik jarayonini va saylov qanday o‘tayotganligini yoritib boradi. Bu jarayonda, saylov komissiyalarining majlislarida ularning vakillari ishtirok etishi mumkin.Shu bilan birga, Saylov kodeksining 35-moddasiga muvofiq ommaviy axborot vositalarining vakillari saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov kuni ovoz berish binolarida, shu jumladan ovozlarni sanab chiqish chog‘ida hozir bo‘lish huquqiga ega.

Buning uchun ular O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 5 oktyabrdagi 952-son qarori bilan tasdiqlangan «Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom»ga muvofiq saylov kampaniyasi boshlanganidan keyin akkreditatsiyadan o‘tishlari lozim.

NIMA UCHUN OAV VAKILLARI AKKREDITASIYADAN O‘TKAZILADI?

Prezident saylovi kampaniyasi e’lon qilinganidan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari bilan mahalliy va xorijiy OAV vakillari akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad saylov kampaniyasi davrida jurnalistlarga o‘z faoliyatini amalga oshirishlari uchun qulay shart-sharoit yaratishdan iborat.

Jurnalistlarga berilgan mazkur huquq saylovlarga oid tadbirlar yoki uchrashuvlarda ishtirok etishni soddalashtiradi. Akkreditatsiya bilan bog‘liq barcha harakatlar jamoatchilikning ommaviy axborot vositalari orqali ma’lumot olish huquqini ta’minlash maqsadida ochiqlik, tenglik, adolat tamoyillariga asoslanadi.

OAV vakilining vakolat muddati unga akkreditatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma berilgan kundan boshlanadi va saylov yakunlari rasman e’lon qilingan kuni tugaydi.

OAV VAKILLARI NIMALARGA E’TIBOR BERISHLARI KERAK?

Saylovchilarga ta’sir o‘tkazish, qonunga xilof ravishda biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish, saylovchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lish, saylovchilardan ular kimni yoqlab ovoz berganliklarini surishtirish yoki saylovchilarga byulletenga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish, uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilari muhrlanayotgan, ochilayotgan, ovozlar sanab chiqilayotganda aralashish, saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e’lon qilish man etiladi.

OAV vakili Saylov kodeksi talablariga va Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlariga rioya etmagan taqdirda, uni akkreditatsiyadan o‘tkazgan saylov komissiyasi uning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatishi mumkin.

Albatta, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan so‘nggina, MSK rasmiy sahifasida akkreditatsiyadan o‘tish talablari e’lon qilinadi. Akkreditatsiya haqidagi to‘liq ma’lumotni saylov kampaniyasi davrida bilib olish mumkin.

Shu o‘rinda yana bir muhim jihatga e’tibor qaratish joiz. Saylovlar davrida ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri (feyk) xabarlar, yolg‘on (dezinformatsiya) hamda siyosiy xurujlar oqimi oshishi mumkin. Ularning oldini olishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?

«YOLG‘ONNING QULOG‘I UZUN»

Bu gap bejiz aytilmagan. Saylovlar oldidan yolg‘on bayonotlar va chalg‘ituvchi xabarlar oqimi ko‘payishini inobatga olgan holda, soxta axborotlar haqida ayrim misollar keltirish o‘rinli.

AQSHning Nyu-York shahrida faoliyat yurituvchi “BuzzFeed” portali tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, 20 ta “fake” xabar to‘g‘ri va dalillar asosida yozilgan shuncha yangilikdan ko‘ra ko‘proq o‘qilar ekan. Shuningdek, internet foydalanuvchilarining 75 foizi yolg‘on ma’lumotni haqiqatdan ajrata olmaydi. Shunga o‘xshash yana bir tadqiqot Massachusets texnologiya instituti tadqiqotchilari tomonidan o‘tkazilgan. Unga ko‘ra,bitta feykning ijtimoiy tarmoqlarda «retvit»(ulashish) ehtimoli haqiqiy axborotdan 70 foiz ko‘proq.

Misol uchun, 2020 yil AQSHda bo‘lib o‘tgan saylovda “fake” xabarlarga qarshi kurashga hukumat tomonidan alohida e’tibor qaratildi. Natijada saylov kampaniyasi davrida nomzodlarning saylovoldi g‘alaba va natijalari, qalbakilashtirilgan byulletenlar haqidagi yolg‘on xabarlar bloklandi. “Google«qidiruv tizimi saylovchilarni chalg‘itmaslik uchun g‘alaba bilan bog‘liq dastlabki va to‘g‘ri hisobotlarni namoyish etib bordi.

SAYLOVGA OID TO‘G‘RI VA ISHONCHLI AXBOROTNI QAERDAN OLSA BO‘LADI?

Saylovlar davrida to‘g‘ri, to‘liq va rasmiy axborotga oid ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali olish eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Bundan tashqari, Prezident saylovi kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan “Saylov2021.uz” axborot portali faoliyati ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Axborot portali saylovchilar, mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar hamda saylov jarayonlarining boshqa ishtirokchilariga ishonchli bir manba va bir manzildan saylov haqida ma’lumotlar olish imkoniyatini beradi.

Shu bilan birga, saylov jarayonlari haqidagi ma’lumotlarning manbasi yagona bo‘lishi ommaviy axborot vositalari ishining sifati va samarasiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ommaviy axborot vositalari faoliyati davomida noxolis yoki haqiqatdan yiroq axborotlarni, ya’ni «dezinformatsiya» amaliyotini sezilarli darajada kamaytiradi.

Albatta muayyan mavzuni yoritishda jurnalistlar xilma-xil fikr hamda qarashlarga ega. Ular saylov jarayonlarini turlicha yoritishi mumkin. Bu tabiiy. Shunday ekan, jurnalistlar va blogerlar Prezident saylovi jarayonini yoritishda saylovchilarga haqqoniy axborot yetkazishlari zarur va buning uchun avvalo ularning o‘zlari soxta xabarlar va ma’lumotlarga chuv tushmasligi kerak. Chunki saylov davrida nafaqat O‘zbekiston fuqarolari, balki xalqaro hamjamiyat ham ommaviy axborot vositalari orqali nomzodlar, siyosiy partiyalar va ularning dasturlari to‘g‘risida har tomonlama, to‘liq va ishonchli ma’lumotlarni olishga harakat qiladi.

 

Dildora TOJIBOEVA,

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi

matbuot xizmatining

bosh maslahatchisi

Manba: «Hurriyat» gazetasi