Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 17 may kuni boshlangan saylov jarayoni ishtirokchilarining malakasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar izchil davom etmoqda.
Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha saylov komissiyasi a’zolari malakasini oshirish bo‘yicha mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi asosida olib borilmoqda.
Seminar-treninglarda Prezident saylovini tashkil etish va uni o‘tkazish jarayonida saylov tashkilotchilari oldida turgan vazifalar, mamlakatimiz Konstitusiyasi va Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar berayotgan yuksak samaralar haqida atroflicha ma’lumotlar berilmoqda.
Mashg‘ulotlar interaktiv usulda tashkil etilib, ishtirokchilar bilan muloqot, o‘zaro fikr va tajriba almashish tarzida o‘tkazilmoqda. Mavzular bo‘yicha savol-javoblar, test sinovlari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, har bir mavzu bo‘yicha tayyorlangan 15-20 daqiqalik videodarslar o‘quv jarayonida foydalanish uchun hududiy trenerlarga taqdim etilmoqda. Ular mazkur videoroliklarni ko‘rish orqali saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, ovoz berish xonalarini jihozlash, saylov kuni ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish, “Bir saylovchi - bir ovoz” tamoyiliga amal qilish, kuzatuvchilar bilan ishlash, saylov natijalarini hisoblab chiqish kabi nazariy bilimini amaliy mashg‘ulotlarda mustahkamlab oladi.
29 mayga qadar davom etadigan seminar-treninglarda saylov qonunchiligidagi yangiliklar va ularni amaliyotda qo‘llash masalalari yuzasidan keng tushuntirish ishlari olib boriladi. Ular keyingi bosqichda tuman, shaharlarda tashkil etiladigan shunday seminarlarda saylov jarayoni ishtirokichilarini o‘qitadilar, ularga o‘z tajribasini o‘rgatadilar.
Tayyorlangan hududiy trenerlar keyin tuman va shaharlarga taqsimlanib, iyun-sentyabr oylarida, Markaziy saylov komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan reja-grafik asosida, uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga nomzodlar uchun mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
“Farg‘ona viloyatida ro‘yxatga olingan saylovchilar soni 2,3 milliondan ortiq, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Orzigul Qozixonova. -Viloyatda jami 1203 uchastka saylov komissiyalari tuzilishi rejalashtirilgan. Hozirgacha 3609 nafar uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga nomzodlar ro‘yxati shakllantirildi. Shuningdek, har bir tuman-shaharlar sektorlari kesimida jami 76 namunaviy uchastka saylov komissiyasi va 152 har biri 30 kishiga mo‘ljallangan auditoriya xonalari tayyorlanib, o‘quv-seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun tayyor holatga keltirildi”.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati