
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 17 may kuni boshlangan saylov komissiyalari a’zolari va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilarining malaka va ko‘nikmasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar Buxoro viloyatida ham izchil davom etmoqda.
Qayd etish joizki, Saylov kodeksining 14-moddasida saylov komissiyalari faoliyatini uslubiy jihatdan ta’minlashni amalga oshirish vazifasi belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yil 27 aprelda tasdiqlangan Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi bu boradagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda.
Seminarlarda saylov okruglari va uchastkalarini tuzish, okrug va uchastka saylov komissiyalari tarkibini shakllantirish va ularning ishini tashkil etish mexanizmlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘quv jarayonlari monitoring qilinib, tinglovchilarning bilimi muntazam baholab borilmoqda.
“Buxoro viloyatidagi seminar treninglarga 97 nafar hududiy trener hamda saylov jarayonining boshqa ishtirokchilari jalb etilgan, - deydi Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Xamidov. - Saylov jarayoni ishtirokchilari milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlardan yaxshi xabardor bo‘lishi va axborot texnologiyalarini amalda bemalol qo‘llay olishi kerak. Bunday keng ko‘lamli targ‘ibot-tushuntirish ishlarini amalga oshirishda zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish pandemiya sharoitida, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etadi”.
“Muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, saylov kuniga tayyorgarlik”,“Saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash”,“Saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish tartibi”,“Saylov natijalarini aniqlash va e’lon qilish tartibi” kabi muhim mavzularda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Buxoro davlat universitetida tashki etilgan mazkur o‘qishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yuqori saviyada tashkil etish uchun saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishga jalb etilgan hududiy trenerlarning saylov qonunchiligi va jarayoni bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.
Mashg‘ulotlar zarur jihoz va vositalar (proyektor, elektron doska, kompyuter, marker, ichimlik suvi, dizenfeksiya vositalari, dozatorlar hamda antiseptiklar) bilan to‘liq ta’minlangan auditoriyalarda olib borilmoqda.
Ma’lumki, mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan seminar-treninglar 29 mayga qadar davom etadi. Keyingi bosqichda qamrovi yanada kengayib, tuman, shaharlarda tashkil etiladigan shunday seminarlarda uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga nomzodlar uchun saylov qonunchiligidagi yangiliklar va ularni amaliyotda qo‘llash masalalari yuzasidan mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati